FIFA prezidenti Janni Infantinoning ta’kidlashicha, tashkilot barcha fikr-mulohazalarni o‘rganib chiqqanidan so‘ng ushbu tashabbus futbol jamoatchiligi orasida kelishmovchiliklarni kuchaytirgani ma’lum bo‘lgan.
«Barcha nuqtai nazarlarni diqqat bilan tingladik. Loyiha turli qarama-qarshiliklarga sabab bo‘ldi va bu endi uning dastlabki maqsadiga mos kelmaydi. Bizning asosiy vazifamiz har doim futbolni birlashtirish va rivojlantirish bo‘lib qoladi», - dedi Infantino.
Uning so‘zlariga ko‘ra, FIFA ushbu taklif ustida ishlashni to‘xtatadi. Yaqin vaqt ichida barcha manfaatdor tomonlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazilib, futbolni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Avvalroq Janni Infantino jahon chempionatlari va boshqa musobaqalarning ayrim tijorat huquqlarini xususiy investorlarga taklif etish rejasini ilgari surgan edi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ehtimoliy investorlar orasida AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning qarindoshlari bilan bog‘liq tuzilmalar ham tilga olingan.
Infantino ushbu tashabbus milliy futbol assotsiatsiyalarining daromadlarini to‘rt baravargacha oshirishini ta’kidlagan va ularga qaror qabul qilish uchun 19 sentyabrgacha muhlat bergan edi.
Biroq 30 iyul kuni UYeFAga a’zo barcha 55 milliy futbol assotsiatsiyasi mazkur reja amalga oshirilsa, FIFA musobaqalarini boykot qilishga tayyorligini bildirdi.
UYeFA bayonotida «Kelajak avlodlar uchun ishonchli boshqaruvga topshirilgan boylikni sotishga hech kimning ma’naviy haqqi yo‘q», deya ta’kidlangan.
Yevropa tomonining tanqidiga Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi mamlakatlari futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF) ham qo‘shildi. Shu tariqa, FIFAga nisbatan bosim kuchaygach, tashkilot bahsli rejasini amalga oshirishdan voz kechdi.











