Qonunchilikka muvofiq, 2030 yil 31 avgustga qadar «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ huzuridagi Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamg‘armasi hisobidan baliqchilik sohasidagi tadbirkorlar qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.

Unga ko‘ra, milliy valyutada ajratiladigan qarz mablag‘lari bo‘yicha Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz band yuqori, ammo 10 foiz bandgacha bo‘lgan foiz xarajatlari qoplab beriladi. Xorijiy valyutada ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha esa 8 foizdan yuqori, 4 foiz bandgacha bo‘lgan qismi kompensatsiya qilinadi.

Shuningdek, milliy va xorijiy valyutada ajratiladigan mablag‘larning 50 foizigacha, biroq 10 milliard so‘m ekvivalentidan oshmagan qismi uchun davlat kafilligi taqdim etiladi.

Mazkur qo‘llab-quvvatlash choralari barqarorlik reytingidagi toifasidan qat’i nazar, baliqchilik sohasidagi tadbirkorlarga nisbatan tatbiq etiladi.