O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi hamda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari norasmiy Maslahat uchrashuvining tadbirlarga boy dasturi yakunlandi. “Issiqko‘l” aeroportida O‘zbekiston yetakchisi va rafiqasini Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va rafiqasi kuzatib qo‘ydilar.

O‘zbekiston prezidenti Cho‘lponota shahrida qirg‘izistonlik hamkasbi bilan tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transport sohasida o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash, suv-energetika hamda madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ikki tomonlama hamkorlikni eng yuqori darajaga olib chiqadigan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi sammitning muhim natijasi bo‘ldi. Davlatlararo kengash tuzish yuzasidankelishuvga erishildi.

Shuningdek, davlat chegarasi, ijtimoiy himoya va pensiya ta’minoti, oliy ta’lim, fuqarolarning kelib-ketishi, madaniyat, turizm hamda agrosanoat majmuasi sohalariga oid salmoqli hujjatlar to‘plami almashildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 3 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li bo‘ylab infratuzilmani rivojlantirish hamda Qambarota-1 GESni barpo etish loyihasini jadallashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyevga Qirg‘izistonning oliy davlat mukofoti – I darajali “Manas” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ham ishtirok etdi.Hamkorlikning institutsional asoslarini mustahkamlash, savdo va transport o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish, raqamli xizmatlarni kengaytirish, ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga birgalikda qarshi kurashish hamda gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariniqamrab oluvchi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.

Tashrif doirasida davlat rahbarlari Qirg‘izistondagi ilk xalqaro toifadagi golf klubi, yangi besh yulduzli “Boku”mehmonxonasi hamda Issiqko‘lda suv-motor sporti bo‘yicha chempionatning ochilish marosimlarida ishtirok etdilar.

Tadbirlar yakuniga yetgach, O‘zbekiston prezidenti rafiqasi bilan Toshkentga jo‘nab ketdi.