Kiyev shahri meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, tun davomida shaharda bir necha kuchli portlashlar sodir bo‘lgan. U aholini havo hujumi xavfi saqlanayotgani sababli boshpanalarni tark etmaslikka chaqirgan.

Kiyev shahar harbiy ma’muriyatining ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida shaharning kamida besh tumaniga zarar yetgan. Eng katta talafot Darnitskiy va Solomenskiy tumanlarida qayd etilgan.

Solomenskiy tumanida ikki kishi halok bo‘lgan, sakkiz nafar fuqaro, jumladan ikki nafar bola jarohat olgan. Manzillardan birida besh qavatli turar joy binosining bir qismi qulab tushgan va yong‘in kelib chiqqan. Yana bir hududda avtoturargohdagi avtomashinalar yongan. Uch nafar jabrlanuvchi shifoxonaga yotqizilgan. Qutqaruvchilar yuqori qavatlarda qolib ketgan 35 nafar aholini evakuatsiya qilgan va yong‘inlarni bartaraf etgan.

Darnitskiy tumanida esa ma’muriy bino hamda noturarjoy ob’yektlaridan birida vayrongarchilik va yong‘inlar yuz bergan. Shuningdek, avtomashinalar yonib ketgan, yaqin atrofdagi uy-joylarga ham zarar yetgan. Ushbu tumanda yetti kishi halok bo‘lgan, 14 nafar fuqaro jarohat olgan. Ular orasida ikki nafar bola ham bor. Favqulodda xizmatlar yong‘inlarni o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.

Kiyev viloyatida ham Rossiya hujumi oqibatida sanoat korxonalaridan birida yong‘in chiqqan. Viloyat harbiy ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hodisada ikki kishi jarohat olgan.

Hozirda qutqaruv va tezkor xizmatlar hujum oqibatlarini bartaraf etish, vayronalarni tozalash hamda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish ishlarini davom ettirmoqda.