Bosh prokuror o‘rinbosari – O‘zbekiston harbiy prokurori Q.Isroilov raisligida Qurolli Kuchlar vazirlik va idoralarining muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi o‘tkazildi.

Videokonferensaloqada mudofaa vaziri Sh.Xolmuhammedov, favqulodda vaziyatlar vaziri A.Ikromov, milliy gvardiya qo‘mondoni B.Toshmatov, IIV Qorovul qo‘shinlari va DXX Chegara qo‘shinlari, Qurolli Kuchlar tizimidagi barcha harbiy okrug, qo‘shilma, harbiy qism, muassasa, doimiy nazorat-tekshiruv idoralari, shuningdek, harbiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar birinchi rahbarlari ishtirok etdi.

Muloqotda joriy yilning o‘tgan davrida qo‘shinlarning qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyati ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston prezidenti, Qurolli Kuchlar oliy bosh qo‘mondoni tomonidan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida amalga oshirilgan tadbirlar natijalariga alohida urg‘u berildi.

Sohalarni raqamlashtirish ishlari, shuningdek, kiberxavfsizlikni, harbiy xizmatchilarning huquqlarini, oila a’zolarining bandligini va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, salomatligini saqlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va bu jabhalarda hamkorlikdagi tadbirlar muhokama qilindi.

Yakunida, ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.