Qo‘mitaning bildirishicha, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan soliq hisobotlari topshirilishi, hisobotlardagi kamchiliklar tuzatilishi, soliq qarzdorligi to‘lanishi inobatga olinib, qolgan keshbek summalari avtomatik tarzda tasdiqlab boriladi.

Iste’molchilar bir oyda BHMning 60 baravaridan (24 720 000 so‘m) oshmagan xaridlari uchun 1% keshbek (247 200 so‘m) olishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, keshbek quyidagi hollarda hisoblanmaydi:

  • agar chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa;
  • avtomobil, havo va temir yo‘l chiptalarini sotib olishda, aloqa va kommunal xizmatlar to‘lov cheklari uchun;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar xizmat ko‘rsatganda;
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan tadbirkorlar tomonidan raqamli platformalar (Xolis Paynet) orqali berilgan xarid cheklariga;
  • jismoniy shaxslar shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan bo‘lsa.

Soliq qo‘mitasi tomonidan iyun oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum bir haq evaziga uchinchi shaxslardan soxta xarid cheki olib, haqiqatda kirim qilinmagan yoki xarid qilmagan mahsulot va tovarlar xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazgan 96 mingdan ortiq fuqaro shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan.

Qo‘mita ayrim fuqarolar va tadbirkorlar tomonidan xarid summasidan qaytariladigan keshbek tizimini noto‘g‘ri talqin qilib, o‘zlari bilgan va bilmagan holda o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish holatlari uchrayotganini bildirib, bu qonunga xilof hisoblanib, yakunda javobgar bo‘lib qolish xavfini yuzaga keltirishini ta’kidlagan.