Moliyaviy muammolar girdobida qolgan «Bunyodkor» futbol klubiga 5 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Bu haqda klub telegram-kanalida xabar qilinmoqda.

“Klubimizga hukumatimiz tomonidan amaliy yordam berila boshlandi. Xususan, kecha O‘zbekiston prezidentining 2026 yil 24 martdagi PQ-107-son “Sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish va sohaga tadbirkorlik sub’yektlarini jalb qilishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida «Bunyodkor» futbol klubiga 5 milliard so‘m ajratildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, «Bunyodkor» Superliganing navbatdagi uchrashuvlariga reja asosida tayyorgarlik ko‘rishda davom etadi.

Avvalroq Toshkentning «Bunyodkor» futbol klubida chuqur moliyaviy muammolar saqlanib qolayotgani, jamoa PFLga xat yuborib, Superliganing 15-turi doirasida 2 avgust kuni «Qizilqum»ga qarshi o‘yin uchun Navoiy viloyatiga bora olmasligi haqida ogohlantirgani ma’lum bo‘lgandi.

Xatda «Bunyodkor» klubida yo‘l chiptalarini xarid qilish, safar davomida mehmonxonada istiqomat qilish va delegatsiya a’zolarini ovqatlantirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun mablag‘ mavjud emasligi aytilgandi.