Mirobod tumanida bolalar maydonchasi va sport o‘yingohlari o‘rnida amalga oshirilgan qurilish ishlari o‘rganildi.

Aniqlanishicha, «Mahalla» xayriya jamoat fondi balansida bo‘lgan hudud keyinchalik "Al-Latif Hears Tower" MChJ tasarrufiga o‘tkazilgan hamda rekonstruksiya va qo‘shimcha bino-inshootlar qurish uchun tegishli ruxsat hujjatlari rasmiylashtirilgan.

Biroq «Lolazor» MFY hududidagi ko‘p qavatli uylar aholisi mazkur hududda yangi bino qurilishiga qarshilik bildirgan. Shuningdek, «Mahalla» xayriya jamoat fondi bilan investor o‘rtasidagi investitsiya shartnomasi bekor qilingan.

Shunga qaramay, 2026 yil iyun oyida fond balansidagi 172 kvadrat metr maydondagi bino buzib tashlangani oqibatida davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 27 iyul kuni tuman prokuraturasi tomonidan "Al-Latif Hears Tower" MChJ mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jamiyatning norasmiy rahbari sifatida ko‘rsatilayotgan Asliddin Ikromov gumon qilinuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlandi.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Mas’ullarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish hamda bolalar maydonchasini avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Avvalroq Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasida o‘rganish ishlarini olib borgandi.

“Odamlar dod deganicha bor – qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar, o‘yin va sport maydonchalari tag-tugi bilan yo‘q qilib yuborilyapti.

Bosh prokuratura butun Toshkent shahri bo‘yicha bunday ob’yektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazadi. Qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari va aholi huquqlariga qay darajada rioya qilinganini tekshirish shart. Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, mas’ul shaxslarga nisbatan murosasiz jazo choralari ko‘riladi, aybdorlar, kerak bo‘lsa, hatto ozodlikdan mahrum etiladi”, deya yozdi u.