Toshkentning «Bunyodkor» futbol klubida chuqur moliyaviy muammolar saqlanib qolmoqda. Ushbu jamoa PFLga xat yuborib, Superliganing 15-turi doirasida 2 avgust kuni «Qizilqum»ga qarshi o‘yin uchun Navoiy viloyatiga bora olmasligi haqida ogohlantirgan.

Xatda «Bunyodkor» klubidagi og‘ir moliyaviy holat mazkur qarorga sabab sifatida ko‘rsatilgan. Ya’ni, «Bunyodkor» klubida yo‘l chiptalarini xarid qilish, safar davomida mehmonxonada istiqomat qilish va delegatsiya a’zolarini ovqatlantirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun mablag‘ mavjud emas.

PFL matbuot xizmatiga ko‘ra, Superliga reglamentidan kelib chiqib, 15-tur doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Qizilqum» – «Bunyodkor» uchrashuvi uchun mehmonlarga texnik mag‘lubiyat yoziladi. Shuningdek, mavsum davomida bu kabi holat qayta sodir etilsa, «Bunyodkor» futbol klubini Superliga musobaqasidan chetlashtirish masalasi Liga Ijroiya qo‘mitasi kun tartibiga kiritiladi.

Kun.uz muxbiri bu borada ma’lumot olish uchun «Bunyodkor» klubi bosh direktori Murod Aliyev bilan bog‘landi. Ushbu mutasaddi klub ichki chempionat doirasidagi safar o‘yinlariga bora olmaydigan darajada moliyaviy qiyinchilikni boshdan kechirayotganini tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, klubga birinchi kvartalda 10 mlrd so‘m tushirib berilgan, klubning o‘zi ham ijara va boshqa shartnomalar asosida qariyb 11 mlrd so‘m ishlab topgan. Biroq bu mablag‘lar klubning moliyaviy holatini tiklash uchun yetarli bo‘lmagan.

«Futbolchilar va xodimlar 6-7 oydan beri maosh olgani yo‘q. Qo‘shimchasiga Rivaldoga to‘lanishi kerak bo‘lgan qarz ham bizning bo‘ynimizga qolgan», – deydi Aliyev.

U klubning Rivaldoga 3 yillik maoshi to‘lanmagani va bu «Bunyodkor»ga yiliga 26 mlrd so‘mga tushishini ta’kidlagan.

«Muammoga yechim izlayapmiz. Muhtaram prezidentimizdan ham yordam so‘ramoqchimiz», – deya qo‘shimcha qiladi u.

Ma’lumot uchun, «Bunyodkor» Superliga joriy mavsumida 14-turdan so‘ng turnir jadvalida 19 ochko bilan 10-o‘rinda bormoqda.

Bundan avvalroq FIFA Rivaldo oldidagi qarzdorlik sabab «Bunyodkor»ga transfer taqiqi qo‘ygani ma’lum bo‘lgandi.