Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi yolg‘iz keksa ayol qarovsiz qoldirilgani haqida videolavha tarqaldi. Bosh prokuratura hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha qulflanib qolgan eshiklarni ochish xizmati bilan shug‘ullanuvchi yigit tomonidan olingan. Unga Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida yolg‘iz yashovchi keksa ayolning uyi eshigi qulflanib qolgani haqida xabar berishgan.
Yigit manzilga borib, eshikni ochgan. Shunda xonadonda yashovchi keksa ayol uning ustidan qulflab ketishganini, bir necha kundan beri ovqatlanmaganini aytgan. Videolavhada ayolning uyi boshqa shaxslar nomiga o‘tkazib olingani haqida ham gap borgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi rasmiy munosabat bildirib, holat zudlik bilan alohida nazoratga olinganini ma’lum qildi.
“Hozirda agentlikning hududiy mas’ullari hamda tegishli tashkilotlar ishtirokida holat barcha jihatlari bilan o‘rganilmoqda. Keksa fuqaroning ijtimoiy holati, ehtiyojlari va unga zarur yordam ko‘rsatish masalalari yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda”, deyiladi munosabatda.
Bosh prokuraturaga ko‘ra, holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Aniqlanishicha, 1940 yilda tug‘ilgan L.Juravlyova tumandagi xonadonda yolg‘iz istiqomat qilib kelgan. U sog‘lig‘i bilan bog‘liq bir qator kasalliklar sababli dispanser hisobida turgan.
L.Juravlyovaga tegishli bo‘lgan xonadon 2025 yil 25 sentyabr kuni notarial tartibda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida boshqa shaxs nomiga o‘tkazilgani aniqlangan.
Uy-joyni begonalashtirish vaqtida ayol o‘z harakatlari ahamiyatini anglash va ularni boshqarish qobiliyatiga oid holatlar hamda uning firibgarlik jinoyati qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini tekshirish zarurati mavjudligi inobatga olinib, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.











