Markaziy bank bank omonatlaridan olinadigan foiz daromadlaridan soliq undirish taklifi to‘g‘risidagi xabarlar bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

“Mazkur masala yuzasidan bildirilgan fikr Fiskal tahlillar instituti tomonidan o‘tkazilgan ilmiy-tahliliy tadqiqot doirasida ilgari surilgan. Ilmiy-tadqiqot muassasalari xalqaro tajriba va iqtisodiy jarayonlarni muntazam o‘rganib, turli tahliliy takliflarni ilgari surishi tabiiy”, deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, bu fikr ilmiy-tadqiqot natijalari taqdimoti doirasida bildirilgan bo‘lib, rasmiy taklif sifatida kiritilmagan.

Markaziy bank takliflarni o‘rganishda ularning moliyaviy resurslar qiymatiga, banklarning resurs bazasi hamda moliyaviy barqarorlikka ta’sirini kompleks baholashga alohida ahamiyat qaratishini ma’lum qilgan.

30 iyul kuni «Fiskal muloqot» tadbirida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti bosh mutaxassisi Fazliddin Shamsiyev bank depozitlari bo‘yicha foiz daromadlari soliqqa tortilishi mumkinligini aytgandi.