Shu yilning 16 iyul kuni Toshkent shahrining Do‘rmon yo‘li va G‘azalkent ko‘chalari kesishmasida Onix avtomobili va YPX inspektorlarining uchta patrul mototsikli ishtirokida sodir bo‘lgan avariya qurbonlari soni oshdi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Onix haydovchisi 27 iyul kuni shifoxonada vafot etdi.
O‘sha kuni mototsikldagilardan biri to‘qnashuvdan keyin voqea joyida vafot etgandi. Yana to‘rt kishi – ikki mototsiklchi, chorrahada navbatchilikda bo‘lgan YPX xodimi hamda mototsikllar bilan to‘qnashgan Onix haydovchisi shifoxonaga yotqizilgandi.
Qolgan uch kishining ahvoli yaxshilangan va ular umumiy bo‘limga o‘tkazilgan.
16 iyul kuni soat 18:30 larda 3 nafar yo‘l patrul xizmati inspektorlari patrullik mototsikllarida Do‘rmon yo‘li ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotganida G‘azalkent ko‘chasidan chorrahaga kirib kelgan Onix rusumli transport vositasi bilan to‘qnashib ketgandi.
Tarmoqlarda mazkur YTH kortej kuzatuvi vaqtida sodir bo‘lgani haqida taxminlar bildirilgandi. YHXX esa bu ma’lumotni rad etib, asossiz xabar tarqatmaslikni so‘ragandi.
Holbuki ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvda ko‘rish mumkinki, chorrahada avtomobillar va piyodalar harakati huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tartibga solib turilgan. Qora rangli furgon va yana bitta shu rangdagi avtomobil katta tezlikda o‘tib ketgandan so‘ng, yo‘l ochilib, harakatlanishga ruxsat berilgan. Svetoforda yashil chiroq yongan va yengil avtomobillar harakatlanishni boshlagan, ammo bu vaqtda kortej to‘liq o‘tib bo‘lmagandi.
Bu xabar fonida O‘zbekiston prezidentining davlat xavfsizlik xizmati raisi Alisher Usmonov ishdan olindi.











