Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda yer maydonlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq ikki korrupsion holatga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, Davlat kadastrlari palatasining Buxoro viloyati boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi shaxs Romitan tumanida 2015 yilda o‘zboshimchalik bilan qurilgan 65 kvadrat metrli savdo va xizmat ko‘rsatish binosi hamda unga tutash 35 kvadrat metr bo‘sh yer maydonini fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 2,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Yana bir holat Qashqadaryo viloyatida qayd etildi. Viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining Ko‘kdala tumani bo‘limi bosh mutaxassisi 2019 yilda ajratilgan 1 sotix yer maydoni uchun kadastr hujjatlarini tanishlari orqali tayyorlatib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berishni va’da qilib, 1 ming AQSh dollari talab qilgan. U so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.