26 iyul kuni Eronning yuqori martabali rasmiysi Reuters agentligiga bergan izohida «agar AQSh xuddi shunday yo‘l tutsa», Eron ham o‘z hujumlarni to‘xtatishini ma’lum qildi.

Ismi oshkor etilmasligi sharti bilan gapirgan eronlik rasmiyga ko‘ra, Tehronning pozitsiyasi «'hujumga javoban hujumʼ bo‘lib qolmoqda: agar hujumlar to‘xtasa, Eron ham o‘z operatsiyalarini to‘xtatadi. Bu xabar AQShga yetkazib bo‘lingan», deya rasmiyning so‘zlarini keltirmoqda nashr.

Eronning ushbu bayonotlari – prezident Donald Trampga uning maslahatchilari nishonlar tugab borayotgani va AQSh arsenali kamayib borayotganidan xavotir bildirishgan vaqtda yuz berdi.

AQShning Eronga qarshi 13 kecha davom etgan shiddatli havo zarbalaridan so‘ng, juma kuni kechqurun o‘zining bombardimon kampaniyasini to‘xtatdi. Shanba va yakshanba kunlari AQSh tomonidan hech qanday hujum qayd etilmadi. AQShning har bir tungi hujumiga javob qaytarib kelayotgan Eron ham hozircha ikki kundan beri o‘t ochishni to‘xtatib turibdi.

Ammo, Eron rasmiysiga ko‘ra, Tehron Trampning zarbalarni to‘xtatishi – ularning pozitsiyasidagi o‘zgarish ekanligiga unchalik umid qilmayapti.

«Hujumlarning to‘xtatilishiga nisbatan optimizmdan ko‘ra shubha-gumon kuchliroq. Ustuvor qarash shundan iboratki, bu tanaffus samimiy emas, balki taktik xarakterga ega. Eron AQShning hiyla-nayranglari borasida yetarlicha achchiq tajriba to‘plagan», dedi manba.

AQShda arsenal kamayib bormoqda

AQShning BMTdagi elchisi Mayk Vols prezident Tramp diplomatiyaga ko‘proq vaqt berish uchun hujumlarni vaqtincha to‘xtatishga qaror qilganini aytdi. «U muzokaralarga biroz imkoniyat beryapti, biroz joy ajratmoqda», dedi Vols qo‘shimcha tafsilotlarni keltirmasdan.

NBC telekanaliga bergan intervyusida Vols AQSh harbiylarida «kerakli hamma narsa bor»ligini, ammo mudofaa vaziri Pet Hegset – lavozimiga kirishganida «zaxiralari kamaygan vaziyatni meros qilib olgani»ni aytdi.

Trampning zarbalarni to‘xtatish qarori 24 iyul kuni bo‘lib o‘tgan, yuqori martabali harbiy hamda siyosiy maslahatchilar ishtirokidagi «uchrashuv»dan so‘ng qabul qilingan.

Axios xabariga ko‘ra, unda qatnashgan AQSh vitse-prezident J.D. Vens ikkilanayotganini ma’lum qilgan. AQShning Yaqin Sharqdagi kuchlari bosh qo‘mondoni admiral Bred Kuper esa bombardimon kampaniyasini to‘xtatishni maslahat bergan. «Chunki u o‘z samaradorligining chegarasiga yetgandi».

2026-07-27 19.12.05
General Den Keyn

Ismi oshkor etilmagan AQSh rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda AQSh harbiy amaldorlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozida ikki haftalik bombardimonlar uchun oldindan tanlangan nishonlar ro‘yxatini deyarli tugagani haqida ogohlantirgan.

Yirik harbiy operatsiyalarni qayta boshlash variant sifatida saqlanib qolmoqda. Biroq Shtab boshliqlari birgalikdagi qo‘mitasi raisi general Den Keyn Trampga shaxsiy muloqotda bu o‘q-dorilar zaxirasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi xavfi haqida gapirgan, dedi rasmiy. Bu ayniqsa, AQShning Yaqin Sharqdagi havo mudofaasi tizimlari – tutib qoluvchi raketalarni ham o‘z ichiga oladi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi hozircha ushbu xabarlarga izoh bermadi. Reutersʼning yozishicha, AQSh harbiy amaldorlari an’anaviy ravishda, hatto Kongressdagi ko‘rsatmalarda ham prezidentga bergan shaxsiy maslahatlarini muhokama qilishdan bosh tortib kelishadi.

2026-07-27 19.09.57
Tehron / Foto: Reuters

«Arosatda qolgan urush»

O‘tgan ikki hafta davomida AQSh kuchlari – Ho‘rmuzdagi kemalarga uyushtirilgan hujumlarga javob sifatida Eronga har kecha zarba berib kelayotgan edi. Eron kuchlari esa AQSh hujumlariga javoban arab davlatlaridagi AQSh harbiy ob’yektlarini nishonga olmoqda. Eron dunyo neft oqimining beshtadan bir qismi o‘tgan Ho‘rmuz bo‘g‘oz ustidan nazoratni saqlab qolishini aytmoqda.

AQSh qayta boshlangan harbiy kampaniyasi o‘tgan oyda urushni tugatishga qaratilgan muvaqqat kelishuvni amalda yo‘qqa chiqardi.