Jinoyat olamida "Jora Tashkenskiy" va "Soroka" nomlari bilan tanilgan Georgiy Sorokin Misrda qo‘lga olindi va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Sharm-al-Shayx shahrida ushlangan Sorokinning yonidan Rossiya soxta pasporti topilgan. U ushbu pasport bilan ko‘p yillar davomida turli mamlakatlar bo‘ylab harakatlanib kelgan.
Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining ma’lumot berishicha, u 1972 yilda Toshkentda tug‘ilgan bo‘lib, sport ustasi hisoblanadi. Georgiy Sorokin jinoiy faoliyatini 18 yoshida boshlagan va yetti yilga qamalgan. Keyinchalik O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarda qilgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilib, jazo o‘tagan. U bosqinchilik, talonchilik, tovlamachilik, noqonuniy qurol va giyohvand modda saqlash kabi jinoyatlarda ayblangan.
2021 yilda "Jora Tashkenskiy" sheriklari bilan Toshkent shahrida umumiy qiymati 350 ming dollarga teng bo‘lgan ikkita uyni o‘zlashtirib olgan. U uy egasini qo‘rqitib, do‘pposlab, zo‘rlik ishlatib xonadonlarni sheriklari nomiga rasmiylashtirishga erishgan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan. Ayni paytda Sorokin jinoiy javobgarlikka tortish uchun O‘zbekistonga olib kelindi.











