Ukraina va Amerikadagi mulozimlar urushni to‘xtatish bo‘yicha tinchlik tashabbuslarining yangi bosqichi doirasida Rossiyaga taqdim etilishi rejalashtirilayotgan havodagi sulh taklifini muhokama qildi, deb yozadi Reuters manbalarga tayanib.

Agentlik suhbatdoshi Ukraina avval ham Vladimir Putinga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha takliflar bilan murojaat qilgani, biroq takliflar rad etilganini ta’kidlagan. Biroq, ba’zi rasmiylar Ukrainaning so‘nggi oylardagi hujumlari tufayli Rossiya iqtisodiyotiga tushayotgan bosim Putinning pozitsiyasini yumshatishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Bu xabar Volodimir Zelenskiyning Vashingtonga 28 iyulga belgilangan tashrifi arafasida chiqmoqda. Ushbu tashrif davomida Ukraina prezidenti 11 iyul kuni vafot etgan amerikalik senator Lindsi Grem xotirasiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etishi va Donald Tramp bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

Bundan bir necha kun oldin Kiyevga amerikalik jurnalist, o‘ta o‘ng faol va MAGA (Make America Great Again) harakati tarafdori Laura Lumer kelgan edi, u avval AQSh rasmiylaridan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qilgandi, keyin esa fikrini o‘zgartirdi. Unga bergan intervyusida Zelenskiy Rossiya bilan tinchlik bitimini imzolash uchun Oq uydagi Oval kabinetga yoki Mar-a-Lagoga (Trampning Floridadagi qarorgohi) borishga tayyorligini aytdi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning so‘nggi bosqichi 2026 yil fevral oyida – Yaqin Sharqda yangi urush boshlanishidan biroz oldin bo‘lib o‘tgandi. Shundan so‘ng Rossiya bir necha bor AQSh muzokaralarda vositachilikka qaytishiga umid bildirdi. Shu bilan birga, Rossiya Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlariga raketalar va dronlar bilan zarba berishda davom etmoqda. Ukraina esa neftni qayta ishlash zavodlarini o‘qqa tutib, mamlakatda yoqilg‘i inqirozini keltirib chiqardi, so‘nggi bir haftadan ortiq vaqt mobaynida esa Rossiya hududlaridagi Wildberries omborlari ukrain dronlari nishoniga aylandi.

Havodagi sulh masalasi taxminan bir yil oldin – Tramp va Putinning Alyaskadagi uchrashuvi oldidan ham ko‘tarilgan edi. O‘sha uchrashuvdan bir necha kun oldin Bloomberg o‘z manbalariga tayanib, Kreml AQSh prezidentiga yon berish variantlarini, jumladan, havodagi sulhni ko‘rib chiqayotgani haqida yozgandi – o‘shanda Tramp Putin bilan muloqotdan so‘ng Ukraina shaharlari bombardimon qilinishi davom etayotganidan noroziligini bildirgandi. Biroq yakunda bunday sulh amalga oshmadi.

25 iyul kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Omskda Vladimir Putin bilan uchrashuv chog‘ida Rossiya-Ukraina mojarosini «muzlatish» taklifini bildirdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu g‘oyaga izoh berarkan, Kiyevning pozitsiyasini hisobga olgan holda «bunday muzlatishning imkoni yo‘qligi»ni aytdi. «Biz uchun asosiy shart bor – biz o‘z maqsadlarimizga erishishimiz kerak», – dedi Peskov. U harbiy harakatlarni to‘xtatish shartlari ikki yil oldin Putin tomonidan bayon etilgani va «agar Kiyev rejimi tegishli qarorlarni qabul qilsa, urush shu kunning o‘zida to‘xtashi mumkin»ligini qo‘shimcha qildi.