Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 25 iyul kuni Omskda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv chog‘ida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni «muzlatib qo‘yish»ga chaqirdi. To‘qayevning so‘zlari yozilgan video Kreml matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan.
To‘qayevning aytishicha, unga AQSh va Yevropadan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi «mojaroli vaziyat» bo‘yicha «ko‘plab signallar kelib tushmoqda». U bu haqda Putinni ham «xabardor qilgani»ni ta’kidlagan.
«Gap qandaydir fuqarolik urushi haqida ketayotgani yo‘q. Biz har doim Ukraina xalqiga, uning madaniyatiga, tiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lganmiz va bu mojaroning tabiati ko‘pchilikka, shu jumladan bizga ham unchalik tushunarli emas, deb hisoblaymiz. Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi muzlatilgan mojaroni olsak, u yerda bu mojaroning mohiyati, uning kelib chiqishi biz uchun mutlaqo aniq edi. Ular tarix qa’riga borib taqalardi. Bunisini esa tushunish juda qiyin», – degan To‘qayev.
Qozog‘iston prezidenti Putin o‘tgan yil yozida Alyaskada AQSh bilan muzokaralar chog‘ida «maksimal darajada diplomatik moslashuvchanlik» namoyish etganini qayd etgan.
«Modomiki menga murojaat qilishayotgan ekan, bu shunchaki mening kamtarona fikrim: balki bu nizoni allaqachon muzlatib qo‘yish va «Istanbul formulasi 2.0»ga qaytish kerakdir, chunki u yerda sezilarli natijalarga erishilgandi. Tabiiyki, buyuk derjavalar, jumladan Rossiyaning kafolatlari ostida intiqlik bilan kutilgan tinchlik sari oldinga harakat qilish lozim bo‘ladi», – deya taklif qilgan To‘qayev.
«Afsus, yoshlar halok bo‘lyapti. Bu qardosh xalqlar – Rossiya va Ukrainaning genofondi. Bularning barchasini to‘xtatish kerak, chunki sodir bo‘layotgan voqealar faqat Rossiya va Ukraina davlatining dushmanlariga qo‘l kelmoqda va ularni quvontirmoqda», – deya xulosa qilgan u.
Bunga javoban Putin suhbat davomida To‘qayevga «Ukraina yo‘nalishi» bo‘yicha batafsil ma’lumot berishini aytgan.
Bir necha soat o‘tib RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin «unga [To‘qayevga] maxsus harbiy amaliyot bo‘yicha barchasini batafsil tushuntirgani»ni aytdi. Kreml vakili Kiyevning pozitsiyasini hisobga olgan holda «bunday muzlatish imkonsizligi»ni qo‘shimcha qilgan. «Biz uchun asosiy shart bor – maqsadlarimizga erishishimiz kerak», – dedi u. Peskov harbiy harakatlarni to‘xtatish shartlari ikki yil oldin Putin tomonidan bayon etilganini eslatgan. Bu shartlar «tushunarli, izchil», shuning uchun «agar Kiyev rejimi tegishli qarorlarni qabul qilsa, barchasi kun oxirigacha to‘xtashi mumkin».
Iyul oyi boshida Reuters Kremlga yaqin manbalarga tayanib, Putin Ukraina bilan tinchlik muzokaralari bo‘yicha takliflarni rad etayotgani va harbiy harakatlarni kuchaytirishi mumkinligi haqida yozgandi. Manbalardan birining aytishicha, Rossiya prezidenti Donetsk oblastining qolgan qismini bosib olish masalasida «murosasiz pozitsiyani egallagan» – va u yaqinda front chizig‘ining hozirgi holatida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha murosa taklif qilgan maslahatchilar guruhini tanqid qilgan.












