O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ushbu davlatda istiqomat qilayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi.

Elchixona Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat keskinlashishi ehtimoli mavjudligi munosabati bilan barcha fuqarolarni hushyorlikka chaqirib, shaxsiy xavfsizlik choralariga qat’iy rioya etishni so‘radi.

“Quyidagi tavsiyalarga amal qilishingizni iltimos qilamiz:

Isroil davlat organlari, jumladan, Fuqaro front orti qo‘mondonligi (Home Front Command) tomonidan berilayotgan rasmiy xabarlar va ko‘rsatmalarni muntazam kuzatib boring hamda ularga qat’iy amal qiling.

Yashash yoki ish joyingizga yaqin bo‘lgan boshpana joylashuvini oldindan aniqlab qo‘ying.

Safar va harakatlanishni rejalashtirishda ehtiyotkorlikka rioya qiling, rasmiy cheklovlar va xavfsizlik bilan bog‘liq ogohlantirishlarni inobatga oling.

Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni doimo o‘zingiz bilan olib yuring, yaqinlaringiz bilan doimiy aloqada bo‘ling”, deyiladi ogohlantirishda.

Elchixona bilan bog‘lanish uchun 03-672-2466, 03-672-2371, 03-758-5075, 03-758-5076 raqamlariga hamda favqulodda va shoshilinch holatlar uchun +972 54 485 1397 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

“Iltimos, xotirjamlikni saqlang, tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmang hamda faqat rasmiy manbalar axborotiga tayaning. Elchixona vaziyatni doimiy ravishda kuzatib bormoqda va zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha ma’lumot beradi”, deyiladi elchixona tomonidan.