Tugayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid shu va boshqa ayrim voqealari – Kun.uz dayjyestida.
Bahodir Siddiqov va Akmalxon Ortiqov sud kursisida
Oxirgi vaqtlardagi eng shov-shuvli ikkita korrupsion keys – “O‘zbekneftgaz” va Davaktiv sobiq rahbarlari bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha sud jarayonlari boshlandi.
“Neft-gaz ishi” doirasida jami 9 kishi uyushgan guruh tarkibida yoki uyushgan guruhning manfaatlarini ko‘zlagan holda, juda ko‘p miqdordagi talon-torojliklarda ayblanyapti. Ulardan 5 nafari qamoqqa olingan, 4 kishiga garov ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Sudlanuvchilar qatoridan “O‘zbekneftgaz” sobiq raisi Bahodir Siddiqovdan tashqari, uning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Baxtiyor Anorqulov, kompaniyaning Xaridlar departamenti boshlig‘i Dilmurod Burxonov va kompaniya tasarrufidagi “Maxsusenergogaz” AJ raisi Dilshod Haqberdiyev ham joy olgan.
Qolgan sudlanuvchilar – neft-gaz sohasidagi xususiy kompaniyalar mas’ullaridan iborat. Enter Engineering direktori Ulug‘bek Usmonov, Eriell'ning ayrim tuzilmalarini boshqargan Nodirjon Boboyev va Petromaruz rahbari Hamidulla Asatov shular jumlasidan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligidagi o‘g‘riliklarga kelsak, bu ishdagi sudlanuvchilar qatorida davlat xizmatchilari soni bir yoki ikki nafar xolos. Agentlikni roppa-rosa 5 yil boshqargan Akmalxon Ortiqov bir qator baholash kompaniyalari rahbarlari bilan birga davlat mulklarini talon-toroj qilishda ayblanyapti. U va yana bir sudlanuvchi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Har ikkala jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosalari ochiqlanmagani tufayli gumon qilinayotgan talon-torojliklar qanday sodir etilgani, yetkazilgan zarar hajmi, sudlanuvchilarning ayblovga munosabati va boshqa tafsilotlar hozircha ma’lum emas. Faqat “Davaktiv ishi” bo‘yicha avvalroq davlat rahbari ochiqlagan bir detalni eslab o‘tishimiz mumkin: unga ko‘ra, agentlik mansabdorlari bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 mlrd so‘mga sotib yuborgan.
“Bizga 9-10 foizlik o‘sish kerak”
O‘zbekiston iqtisodiyoti ketma-ket ikkinchi yil kutilganidan ancha tezroq o‘syapti. O‘tgan yili YaIM o‘sishi 6 foiz bo‘lishi mo‘ljal qilinib, yakunda 7,7 foizni tashkil etgan edi; shu kabi joriy yilda ham hukumat yil boshidagi 6,6 foizlik prognozni kuni kecha 8,1 foizgacha oshirdi. Bunga yarim yillik yakunlari bo‘yicha qayd etilgan 8,5 foizlik o‘sish asos bo‘lgan.
Tarmoqlardagi turli mulohazalar fonida deputat Alisher Qodirov e’lon qilingan iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga shubha bildirmaslikka chaqirdi. “Bu sonda o‘yin qilib bo‘lmaydi, bu – xalqaro hisob-kitob va real yaratilgan qiymat, so‘nggi o‘n yilning qora mehnati. Aholi daromadlari, turmush tarzi sezilarli o‘zgardi, buni hech kim rad etolmaydi”, deb yozdi Qodirov o‘z Telegram-kanalida.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, aholi hayotini yaxshilash uchun iqtisodiy o‘sish yanada tezlashib, 9-10 foizga yetishi kerak. Shu bilan birga, prezident bu ko‘rsatkichlar “qog‘ozdagi raqam” bo‘lib qolmasligi kerakligini aytdi:
“40 millionlik aholining hayotini yaxshilash uchun bizga 9-10 foizlik iqtisodiy o‘sish zarur. [...] Har bir vazir, hokimning qilayotgan ishi odamlarning yashash madaniyatida sezilmasa, tadbirkorlarning og‘irini yengil qilishga, faoliyatini kengaytirishga turtki bermasa, erishilgan har qanday natija faqat va faqat eski tizimdan illat bo‘lib qolgan “qog‘ozdagi raqam” bo‘lib qoladi”.
Yig‘ilishda tadbirkorlarni qiynayotgan jarimalar va boshqa turli to‘lovlarni kamaytirish bo‘yicha topshiriq berildi:
“Hozir 51 ta vazirlik va idorada 322 ta yo‘nalishda moliyaviy jarima qo‘llash vakolati bor. Endi savol tug‘iladi: qaysi rahbar jarimalarning tadbirkorlar faoliyatiga ta’sirini o‘rganyapti? Jarima solgan bilan, uni ishlatmay qo‘yganimiz bilan, nechta odam ishsiz bo‘lyapti, qancha eksport bo‘lmayapti, qancha ishlab chiqarish bo‘lmayapti... Jarima solgan odamlar tushunadimi buni?
Jarima qo‘llaydigan tashkilot mas’ullarining ongi, dunyoqarashi o‘zgarishi zarur. Ular birdaniga jazo qo‘llashni emas, balki tadbirkorga imkoniyat berib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishni o‘rganishi zarur. [...] Barcha vazir, tarmoq rahbarlariga topshiriq: bir hafta ichida tizimidagi byurokratiyani qisqartirish, jarima, to‘lov va yig‘imlarni keskin kamaytirish, biznes muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha takliflarini Administratsiyaga kiritsin. O‘zim o‘qiyman. Har bir taklifni birma-bir o‘qib chiqaman, shunga qarab rahbarlarga bugungi siyosatimizni qanchalik tushunib yetganiga baho beraman”.
Davlat rahbari iste’mol talabidan ortda qolayotgan taklifni ko‘paytirish hisobiga inflyatsiyani jilovlash zarurligini aytarkan, go‘sht narxi masalasiga to‘xtalib o‘tdi:
“Aprel-iyunda go‘sht narxi 6-8 foizga o‘sdi. Qo‘chqorov, Abdurahmonov, hokimlar 1 avgustgacha import go‘shtni samolyotda tashish xarajatlarini qoplashni so‘ragani uchun bunga rozilik berganman. Ushbu maqsadlar uchun 300 mlrd so‘m ajratdik. Qaysi hokim tadbirkorim bilan chetdan go‘sht olib keldim, deb ayta oladi? Afsuski, bunga ijobiy javob yo‘q.
Chorvaga mas’ullar, viloyat, tuman hokimlari shu paytgacha bizda 14,5 mln bosh qoramol, 24,5 mln bosh qo‘y-echki bor deb ishonib yurgan. Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunida hammasi ochiq-oydin ko‘rindi: qoramol soni 2,5 mln boshga, qo‘y va echki 1,5 mln boshga kam chiqdi. Endi savol: qaysi viloyat, tuman hokimi bu raqamlarni qo‘liga olib o‘rgandi, o‘rnini qachon, qayerdan to‘ldirishni hisob-kitob qildi?”
Prezident go‘sht balansini viloyatlar kesimida qayta ko‘rib chiqish va go‘sht importini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berib, go‘shtni samolyotda olib kelish xarajatlarini qoplab berishga oid imtiyoz yil oxirigacha uzaytirilishini ma’lum qildi.
Toshkent–Samarqand pulli yo‘li qurilishi boshlandi
Toshkent va Samarqand shaharlarini bog‘lovchi pulli yo‘l qurilishi boshlandi. Chorshanba kuni O‘rta Chirchiq tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev loyihaga tamal toshini qo‘ydi.
“Bugun xitoylik hamkorlarimiz bilan qurilishiga start berayotgan Toshkent-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha pulli avtomobil yo‘li navbatdagi ulkan tarixiy qadam bo‘ladi. Xalqimiz uchun taraqqiyot va farovonlik timsoli bo‘lib xizmat qiladigan ushbu yirik loyihaning boshlanishi barchamizga muborak bo‘lsin.
[...] Qiymati qariyb 2,2 mlrd dollar bo‘lgan, eng yuqori toifadagi zamonaviy pulli avtomagistral barpo etiladi. Pulli deganimiz, hozirgi Samarqand yo‘li ham ochiq bo‘ladi; xohlagan 5 soatda borishi mumkin, [lekin] daromadi oshgan odam yuragi siqiladi 5 soat yurishga. Buyam adolat, buyam inson qadri”, – dedi davlat rahbari.
Yangi trassa uzunligi – 282 km bo‘lib, jami 6 tasmadan iborat bo‘ladi. Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘l o‘tkazgich, 60 ta tunnel tipidagi o‘tish joyi, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun yer osti yo‘laklari va suv o‘tkazish inshootlari quriladi. Yo‘l qoplamasi monolit betondan bo‘ladi va tekis hududlarda tezlikni soatiga 150 kilometrgacha oshirishga ruxsat beriladi. Natijada Toshkentdan Samarqandga yetib borish vaqti hozirgi 5 soatdan 2,5 soatgacha qisqarishi ko‘zda tutilgan.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning aytishicha, loyiha ikki bosqichda oshiriladi. Avvaliga Xitoyning China Overseas Engineering Group (COVEC) kompaniyasi avtomagistralni qurib, uni 2030 yilda foydalanishga topshiradi. Ikkinchi bosqichda esa tayyor yo‘lni boshqarish uchun operator kompaniya tanlanadi va u magistralni pulli yo‘lga aylantiradi. 2,2 mlrd dollarlik loyihaning moliyalashtirish manbalari borasida yakuniy ma’lumot hozircha ochiqlanmadi.
Shavkat Mirziyoyev marosimdagi nutqida boshqa pulli yo‘l loyihalari qaysi bosqichda ekani haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Ma’lum qilinishicha, Xiva–Urganch pulli yo‘li keyingi oyda foydalanishga topshirilishi kutilyapti. Toshkent–Andijon magistrali bo‘yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida. Toshkent–Chorvoq yo‘nalishida esa loyihalash ishlari yakunlanib, xususiy sherik aniqlanyapti.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili kuzda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mavjud xomcho‘tlarga asoslanib pulli yo‘llarda 200 km masofa bosish to‘lovi taxminan 100 ming so‘m atrofida bo‘lishi mumkinligini aytgan edi.
Ishsizlik va kambag‘allik “taqiqda”mi?
Minglab o‘zbekistonliklar o‘zi bexabar holda ishga joylashtirib qo‘yilgani oydinlashdi. Mehnat inspeksiyasi xabariga ko‘ra, 2026 yilning 1-yarmida vatandoshlardan o‘zining xabarisiz ishga joylanganlik holati bo‘yicha salkam 1500 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlar o‘rganilishi natijasida 143 ta korxona-tashkilot rahbarlari ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan, 56 ta korxona-tashkilotga yozma ko‘rsatmalar kiritilgan.
Inspeksiya xabarida odamlarni ularning xabarisiz ishga olgan ayrim korxonalar allaqachon yopilib ketgani, bunday holatlarda vatandoshning huquqini tiklash uchun 2020-2025 yillarda kiritilgan noto‘g‘ri ma’lumotlar Yagona milliy mehnat tizimidan o‘chirilgani aytiladi. 2020-2025 yillar haqida gap ketayotganiga qaraganda, odamlarni o‘zining xabarisiz ishga joylab qo‘yish holatlari bugun yoki kecha boshlanmaganini anglash mumkin. Bu esa uzoq yillardan beri bandlik statistikasi qanchalik haqqoniy bo‘lgani haqidagi savollarni o‘rtaga chiqaradi.
Mehnat inspeksiyasining bu xabaridan keyin jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev ayni shu muammoga yo‘liqqan ko‘plab vatandoshlarning murojaatlarini o‘z kanalida e’lon qildi. Murojaat qilganlar o‘zini qayergadir ishga joylab qo‘yishgani haqida Soliq ilovasidan tasodifiy tarzda xabar topgan va buni bekor qilish uchun anchagina sarson bo‘lishiga ham to‘g‘ri kelgan.
“Bularning hammasi mahalladagi hokim yordamchilarining ishi deb o‘ylayman, chunki ularga ish o‘rni yaratish bo‘yicha “plan”lar bor, oyligi shunga bog‘langan”, – deya taxmin qilgan murojaatchilardan biri.
Eng hayratlanarlisi, kambag‘al oilalar bilan bog‘liq. “Bolalar nafaqasidan o‘chirish uchun meni va ayolimni o‘zimizdan bexabar ishga joylab qo‘yishgan”, deya yozadi bir murojaatchi. “Kecha sinfdoshim aytdi, bola puliga ariza topshirsa, ishsiz bo‘lsa o‘zlari shunday ishga joylasharkan-da, keyin bola puli bermas ekan”, degan boshqa bir vatandosh.
Qayd etish kerak, ayni shu muammo, ya’ni qog‘ozda va raqamlarda kambag‘allikni qisqartiramiz deb, odamlarni kambag‘allar reyestriga kiritishdan bosh tortish holatlari keng yoyilgani o‘tgan hafta o‘z tasdig‘ini topgan edi. 16 iyul kungi selektorda Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish yoki sun’iy ravishda reyestrdan chiqarish holatlari uchrayotganini tanqid qilgandi.
“Buning oqibatida ehtiyojmand oilalar ijtimoiy yordam olish, farzandini bog‘cha va to‘garakka berish kabi kafolatlangan xizmatlardan foydalana olmayapti. 184 ta mahallada bir oy ichida kelgan 2 mingta arizaning barchasi asossiz rad qilingan. [...] Shu sababli reyestrga kirish masalasida prezidentga murojaatlar yil boshidan 1,5 barobar oshib, 30 mingdan 46 mingga ko‘paygan”, – degandi davlat rahbari.
Prezident Bosh prokuraturaga ijtimoiy reyestr to‘g‘ri yuritilishini qat’iy nazorat qilish, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga esa reyestr haqqoniyligi yuzasidan prezidentga muntazam axborot berib borish vazifasini topshirgan edi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Markaziy bank aholining qarz yuki bo‘yicha so‘rovnoma natijalarini taqdim etdi. Respublikaning barcha hududlaridan 5800 respondent ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, so‘ralganlarning 77 foizi yo o‘zi, yo oila a’zolaridan birida bank va bankdan tashqari qarz majburiyatlari borligini bildirgan. Qarzi bor respondentlarning 61 foizi qarzini o‘z vaqtida qaytarishga qiynalayotganini tan olgan. Qarzdorlar o‘z daromadlarining o‘rtacha 51 foizini qarzini qaytarishga ishlatyapti. Respondentlarning 19 foizi qo‘shimcha daromad manbayi borligi, 81 foizi esa daromad manbasi faqat bittaligini bildirgan. Qarzi bor respondentlarning 8 foizi bitta qarzini yopish uchun ikkinchi qarzni olgan.
Soliq keshbekini bekor qilish masalasi – kun tartibida. Bu g‘oyani Moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti faol targ‘ib qilyapti. “1 foizlik soliq keshbeki qancha tez bekor qilinsa, shuncha yaxshi. 80 foiz pul shundoq ham chek beradigan tashkilotlar [mijozlari]ga ketyapti. Shu sabab keshbek tizimini olib tashlab, fuqarolar o‘rtasida yutuqli o‘yin o‘tkazishni taklif qilyapmiz”, dedi Kun.uz bilan suhbatda institut direktori o‘rinbosari Dilshod Sultonov. U keshbek avvalboshdan vaqtinchalik chora bo‘lgani, bu orqali odamlarda chek so‘rash madaniyatini shakllantirish maqsad qilingani va bu maqsadga erishilganini aytarkan, bu yo‘nalishga byudjyet xarajatlari 150 mln dollarga yetgani, bu pulga 300 ta bog‘cha qurish mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Toshkentda bir mahalla ahli g‘ayrioddiy muammoga duch keldi. Gap shundaki, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Oydin mahallasida piyodalar yo‘lagi ajabtovur tarzda barpo etilyapti: hovlilar oldiga 30 santimetr va undan yuqori balandlikda beton yotqizilgan. Oqibatda odamlar hovlisiga mashina kiritish tugul, o‘zlari piyoda kirib-chiqishga ham qiynalyapti. Kun.uz suhbatlashgan tuman hokimligi matbuot kotibi masaladan hokimning xabari borligi, muammo tez orada bartaraf etilishini aytdi. Lekin baribir asosiy savol ochiq: tinch va xotirjam yashab turgan odamlarga muammo yaratib bergan kim? Qaysi aql bilan bu ishga qo‘l urilgan?
Navoiy viloyatidagi Muruntov oltin konida fojiali YTH ro‘y berdi. 21 iyul kuni tong soat 5:30 larda kon hududida ulkan avtoag‘dargich xizmat pikapini bosib ketishi oqibatida, pikapda bo‘lgan NKMKning ikki xodimi halok bo‘ldi. Holat bo‘yicha tergovoldi surishtiruv olib borilyapti; tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, yengil mashina burilish joyida avtoag‘dargichning yo‘liga chiqib ketgan bo‘lishi mumkin. Shu kuni inson o‘limi bilan bog‘liq avtohalokat Samarqand shahrida ham ro‘y berdi: yo‘l-patrul xodimi xizmat mashinasida piyodani urib ketgan, oqibatda 75 yoshli ayol voqea joyida vafot etgan. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, hafta davomida Jizzax viloyatining Forish tumanida yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib, ikki kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi tergov vaqtida ozodlikda qolayotgani Kun.uz e’tiborini tortdi. Surishtiruvimizga ko‘ra, bu shaxs tuman hokimining jiyani bo‘ladi.
Fermerni haqoratlagan Quva hokimiga hayfsan berildi. Avvalroq Halimjon Umarov bir fermerni haqoratlab, unga tahdid qilgani audiosi tarqalgan, shundan keyin holatga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi aralashgan edi. Agentlik xabariga ko‘ra, holat yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakunida hokimga nisbatan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangan. Ma’lumot uchun, Halimjon Umarov 2021 yil fevralidan buyon Quva tumani hokimi lavozimida ishlab keladi. Bungacha u Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.










