“2034 yilgacha amal qiladigan pasportga ishonib investitsiya kiritganmiz”
“Single Media Group” MChJ rahbari Rafiq Ergashovning aytishicha, kompaniya reklama konstruksiyalarini o‘rnatish uchun 360 million so‘mdan ortiq mablag‘ to‘lagan. U olgan reklama joyi pasportlari 2030 hamda 2034 yilgacha amal qilishi belgilangan.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, 2026 yil may oyida dizayn kodi kuchga kirgani sababli konstruksiyalarni 10 kun ichida olib tashlash talabi qo‘yilmoqda, biroq u bu talab bir nechta qonun va prezident qarorlariga zid deb hisoblaydi.
“Biz bu konstruksiyalarga reklama pasportlarida ko‘rsatilgan muddatlarga ishonib investitsiya kiritganmiz. Kredit olib LED ekranlar xarid qilganmiz, ularning krediti hali ham tugamagan. Reklama to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, reklama joyi pasporti unda ko‘rsatilgan muddat davomida amal qiladi. Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonunga binoan esa, keyinchalik qabul qilingan hujjatlar avval berilgan huquqlarga tatbiq etilmaydi. Bundan tashqari, 2026 yil 5 fevraldagi PQ-48-son qarorida ko‘p kvartirali uylarning umumiy mulkini, jumladan, tom qismini reklama vositalari uchun ijaraga berish mumkinligi nazarda tutilgan. Shunday ekan, dizayn kodi bilan ilgari berilgan pasportlarni bekor qilish qonuniy asosga ega emas”, – dedi Ergashov.
U, shuningdek, hokimlik reklama pasportlarini bekor qilmasdan turib demontaj ishlari olib borilayotganini ham tanqid qildi.
“Hozir demontajni hokimlikning o‘zi emas, turli kommunal tashkilotlar xodimlari amalga oshiryapti. Lekin reklama pasportini bekor qilish bo‘yicha kengash qarori ham, sud qarori ham yo‘q. Hatto bizga invoyslar berilishi ham vaqtincha to‘xtatilgandi. Ya’ni davlat byudjyetiga to‘lov qilishimiz ham imkon bo‘lib qolgandi. Vaholanki, to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik keyinchalik pasportni bekor qilish uchun asos sifatida ishlatilishi mumkin edi”, – deydi u.
Rafiq Ergashovning aytishicha, u Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga murojaat qilganidan keyin, 22 iyuldan invoys berila boshlangan.
“Qabulxonaga hammamizni majlisda chaqirib, kengash qarori so‘zsiz bajarilishi aytishdi. Dizayn kod bo‘yicha o‘sha reklama pasportlarini bekor qilish to‘g‘risida qaror hali chiqmagani, demontaj qilishga haqqi yo‘qligini aytganimda, hozir o‘sha qaror tayyorlanyapti, kengash qarori chiqishi bilan shu kunning o‘zida demontaj qilamiz, deyishdi. Ungacha invoyslarni o‘chirib qo‘ydik deyishgandi”, – qo‘shimcha qildi tadbirkor.
“Qonuniy kelishuv bo‘lganidan keyin, bunaqa mojaro bo‘lmasligi kerak edi”
Tadbirkor Asad Ibragimovning aytishicha, u reklama bozorida 2007 yildan buyon faoliyat yuritadi. Yangi tartib esa uzoq yillik biznes model uchun xavf tug‘diryapti.
“Biz reklama sohasida qariyb 20 yildan buyon ishlaymiz. Shu davr ichida davlat belgilagan barcha talablarni bajardik, kerakli hujjatlar tayyorlandi, katta mablag‘ sarflandi, konstruksiyalar o‘rnatildi va ularga muntazam texnik xizmat ko‘rsatildi. Bugun esa vaqt sinovidan o‘tgan biznes modeli qandaydir shaxsiy manfaatlar sabab shubha ostiga olinayotgandek taassurot uyg‘onmoqda. Agar davlat bilan tadbirkor o‘rtasida qonuniy kelishuv mavjud bo‘lsa, keyinchalik bunday mojarolar yuzaga kelmasligi kerak edi”, – dedi u.
Ibragimov reklama konstruksiyalari faqat biznesga emas, ko‘p qavatli uylar aholisi uchun ham foyda keltirishini ta’kidladi.
“Reklama joylashtirishdan oldin uy egalari umumiy yig‘ilish o‘tkazadi va rozilik beradi. Faoliyat davomida esa uylarning tom qismini ta’mirlash, kirish yo‘laklarini yangilash, bolalar maydonchalarini obodonlashtirish kabi ishlarga ham mablag‘ yo‘naltiriladi.
Faqat 2025 yilning o‘zida kompaniyamiz 3 ming kvadrat metr tom qismini ta’mirladi. Aslida reklama daromadining muhim qismi uylarni saqlash va obodonlashtirishga sarflanadi. Bugungi tartib esa tadbirkor bilan aholi o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni murakkab byurokratik jarayonlarga aylantirib qo‘ymoqda”, – dedi u.
Hokimlik nimaga tayanmoqda?
Raqamli rivojlanish departamenti tadbirkorlarga yuborgan bildirishnomalarda Vazirlar Mahkamasining 104– va 428-son qarorlari hamda Toshkent shahri dizayn kodi talablariga havola qilgan. Bu talablarga ko‘ra, ko‘p qavatli uylar tomiga reklama konstruksiyalari o‘rnatish mumkin emas.
Qolaversa, reklama pasportini berish bilan bog‘liq ommaviy ofertada tashqi reklama ob’yektlari yangi shaharsozlik talablariga mos bo‘lishi shartligi, qonunchilik yoki shaharsozlik talablari o‘zgargan taqdirda reklama tarqatuvchi konstruksiyalarni o‘z hisobidan demontaj qilishi majburiy ekani qayd etilgan. Talab bajarilmasa, reklama ob’yektlari majburiy tartibda buzilishi va xarajatlar tadbirkordan undirilishi ko‘rsatilgan.
Biznes ombudsman: “Yangi qoidalar eski pasportlarga tatbiq etilmaydi”
Biznes ombudsman devoni yetakchi inspektori Dilmurod Alimuhamedovning ma’lum qilishicha, so‘nggi oylar davomida aynan ko‘p qavatli uylar tomidagi reklama konstruksiyalari bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.
“Murojaatlarni o‘rganish jarayonida shuni ko‘rdikki, tadbirkorlarning aksariyati 2030 yoki 2034 yilgacha amal qiladigan reklama pasportlariga ega. Ular 2024 yilda amaldagi tartib asosida berilgan. Keyinchalik qabul qilingan dizayn kodi talablariga asoslanib ularni demontaj qilish talab etilmoqda. Biz bu holatni o‘rganib chiqib, departamentga taqdimnoma kiritdik. Chunki Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonunning 41-moddasiga ko‘ra, yangi normativ hujjatlar ilgari yuzaga kelgan huquqiy munosabatlarga tatbiq etilmaydi”, – dedi u.
Alimuhamedov, shuningdek, departament ommaviy oferta shartnomasidagi bandlarni ham noto‘g‘ri talqin qilayotganini bildirdi.
“Bildirishnomalarda ommaviy ofertaning favqulodda vaziyatlarga oid bandlariga tayanilgan. Lekin u yerda faqat favqulodda holatlar yoki konstruksiya xavf tug‘diradigan vaziyatlarda demontaj masalasi nazarda tutilgan. Hozir esa bunday asoslar ko‘rsatilmagan. Shu sababli bu bandlarni dizayn kodi bilan bog‘lash huquqiy jihatdan asosli emas”, – dedi u.
Biznes ombudsman vakili tadbirkorlarga demontaj jarayonlarini hujjatlashtirishni tavsiya qildi.
“Agar reklama konstruksiyalarini majburiy buzishga kelishsa, tadbirkorlar kim kelgani, qaysi tashkilot nomidan harakat qilayotgani, qanday hujjat asosida ish olib borayotgani va demontaj jarayonini videoga olib qo‘yishi zarur. Chunki keyinchalik sudda aynan shu dalillar tadbirkorning huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Pasport bekor qilinmagan bo‘lsa, tadbirkor faoliyatini davom ettirish va davlatga to‘lov qilish huquqiga ega”, – dedi Alimuhamedov.
Avvalroq Adliya vazirligi ham mazkur holatga izoh bergandi.










