«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Xitoy Milliy neft korporatsiyasi tarkibidagi CCDC burg‘ulash kompaniyasi vakillari bilan Boysun tumanidagi "Mustaqillikning 25 yilligi" konida yuzaga kelgan texnogen avariyani bartaraf etish ishlarini jadallashtirish masalasini muhokama qildi.

“Tomonlar avariyani bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlarga tezkor kirishish uchun barcha tayyorgarlik jarayonlarini qisqa muddatlarda yakunlash muhimligini ta’kidladilar.

Xususan, maxsus burg‘ulash dastgohlari, yuqori bosim sharoitida ishlashga mo‘ljallangan texnologik uskunalar hamda zarur texnik vositalarni ob’yektga yetkazib kelish, malakali mutaxassislar va muhandislik guruhlarini jalb etish, loyiha va muhandislik yechimlarini yakunlash hamda qutqaruv-burg‘ilash ishlarini o‘z vaqtida boshlash masalalari atroflicha muhokama qilindi”, deyiladi «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati xabarida.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

Shuningdek, amalga oshirilayotgan ishlarning har bir bosqichini muvofiqlashtirish, texnik yechimlarni tezkor qabul qilish va loyihani belgilangan muddatlarda amalga oshirish uchun ikki kompaniya mutaxassislari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Aprel va may oylarida Boysundagi M25 konidan yer yuzasiga neft chiqishi kuzatilgandi.