Reuters tahliliga ko‘ra, Rossiyaning 2026 yil iyul oyida neft va gaz sotishdan oladigan daromadlari 2025 yilning iyul oyiga nisbatan taxminan 60 foizga yuqori bo‘ladi.

Rossiya AQSh va Saudiya Arabistonidan keyin dunyoda neft ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. Mamlakat federal byudjyeti daromadlarining qariyb beshdan bir qismi neft-gaz sohasi hisobiga shakllanadi.

Agentlik ta’kidlashicha, daromadlarning o‘sishiga asosan xalqaro bozorda neft narxlarining oshishi turtki bo‘lgan. Shuningdek, joriy yilning ikkinchi choragida neft qazib olishdan olinadigan foyda solig‘i tushumlarining sezilarli ko‘payishi ham umumiy daromad o‘sishiga hissa qo‘shgan.

Shu bilan birga, Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–iyul oylari yakuni bo‘yicha Rossiyaning neft va gazdan tushadigan umumiy daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11 foizga kam bo‘lishi mumkin. Tahlilda ushbu ko‘rsatkich 4,9 trln rubl atrofida bo‘lishi prognoz qilingan.

Rossiya Moliya vazirligi neft va gaz daromadlari bo‘yicha iyul oyi rasmiy statistikasini 5 avgust kuni e’lon qilishi kutilmoqda.

Reuters eslatishicha, 2025 yil yakunlariga ko‘ra Rossiya federal byudjyetiga neft va gazdan tushgan daromadlar 24 foizga qisqarib, 8,48 trln rublni tashkil etgan. Bu 2020 yildan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Ayni paytda, 23 iyuldan Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketi kuchga kirdi. Yangi cheklovlar Rossiya byudjyetiga neft savdosidan tushadigan mablag‘larni qisqartirishga qaratilgan. Yevropa Ittifoqi ushbu daromadlar Moskva tomonidan Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni moliyalashtirish uchun sarflanayotganini ta’kidlab kelmoqda.