Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, Yangi O‘zbekistonda parlament faoliyatini rivojlantirish va demokratik islohotlarni izchil amalga oshirishdagi alohida xizmatlari uchun “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.
Prezident farmonida Tanzila Norboyevaning jonkuyar tashkilotchi va tashabbuskor rahbar sifatidagi boy bilim va tajribasi, vatanparvarlik fazilatlari bilan milliy davlatchilikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, inson qadrini ulug‘lash, ayollarning o‘rni va nufuzini yuksaltirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga katta hissa qo‘shib, xalq orasida munosib obro‘-e’tibor qozonib kelayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, uning yosh avlodni vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki e’tirof etilgan.
Tanzila Norboyeva Oliy Majlis Senatining 2019 yil iyundagi yigirmanchi yalpi majlisida Senat raisi lavozimiga saylangan.











