Ichki ishlar vazirligi migratsiya va personallashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni masofadan turib aniqlash va roziligini olish imkonini beruvchi platformani ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaga ko‘ra, 2026 yil 1 avgustdan boshlab migratsiya va personallashtirish sohasida boshqa shaxsning roziligi talab etiladigan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ularning shaxsini «Pasport-viza» avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasining Face ID yoki MyID tizimlari orqali masofadan turib aniqlash va roziligini olish imkonini beruvchi «E-Rozilik» platformasi ishga tushiriladi.

Platforma orqali quyidagi davlat xizmatlari uchun elektron rozilikni rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi: voyaga yetmaganlarga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish, 15–18 yoshdagi shaxslarning mustaqil ravishda chet elga chiqishi, 16 yoshga to‘lmaganlarga ID karta olish, yashash va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yish yoki ro‘yxatdan chiqarish, xorijga doimiy yashash uchun chiqish, chet el fuqarolarini vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlar.

Platformada qayd etilgan rozilik O‘zbekiston hududida qog‘oz shaklidagi rozilikka tenglashtiriladi.

Elektron rozilikni mobil ilova orqali rasmiylashtirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi, migratsiya va personallashtirish bo‘linmalariga shaxsan murojaat qilganda esa 30 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

Rozilik beruvchi uni davlat xizmati ko‘rsatilguniga qadar istalgan vaqtda bekor qilishi mumkin, biroq to‘langan yig‘im qaytarilmaydi. Elektron rozilikning amal qilish muddati bir oygacha etib belgilanmoqda.