Toshkent viloyati Angren shahrida to‘yi belgilangan yigit va qiz mashina ichida is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda Millar dasturi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 16 iyul kuni soat 23:53 da Angren shahrida yashovchi ayol Toshkent viloyati IIBB navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilgan. U murojaatida 26 yoshli singlisi va 31 yoshli bo‘lajak kuyovi Gentra mashinasida uydan noma’lum tomonga chiqib ketib, qaytib kelmaganini aytgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari davomida yigit va qizning jasadi garaj ichida turgan Gentra’dan is gazidan zaharlanish alomatlari bilan topilgan. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, ularning o‘limiga is gazidan zaharlanish, bosh miya va o‘pka shishi hamda o‘tkir yurak-qon tomir yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.
“17 iyul kuni ertalab xabar topdim. Voqea joyiga borsam olib ketishgan ekan. Yigit bizning mahallada yashardi. Ota-onasi o‘qituvchi, ziyoli oila edi. Oilada hech qanday janjal yoki muammo bo‘lganini eshitmaganmiz. To‘yga tayyorgarlik ko‘rilayotgan bir paytda azaga aylandi”, degan mahalla raisi.
Holat yuzasidan Angren shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.











