Nizom loyihasiga muvofiq, elektron tijorat operatorlari faoliyatini xabardor qilish tartibisiz amalga oshirish taqiqlanadi. Xabarnoma vakolatli organga faoliyat boshlanishidan avval maxsus axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladi.
Hujjatda elektron tijorat operatorlariga qo‘yiladigan qator talablar ham belgilangan. Xususan, ular O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi, elektron tijorat, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlari, reklama va boshqa sohalarga oid qonunchilik talablariga rioya qilishi lozim. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish uchun zarur axborot tizimiga ega bo‘lishi, onlayn nazorat-kassa yoki virtual kassa tizimidan foydalanish imkoniyatini ta’minlashi talab etiladi.
Xabarnoma Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) orqali yuboriladi. Unda yuridik shaxsning nomi, STIR, manzili, rahbarining ma’lumotlari, bank rekvizitlari hamda boshqa zarur ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Belgilangan talablarga muvofiq yuborilgan xabarnoma shu kunning o‘zida qabul qilinib, bir ish kuni ichida QR-kodli elektron tasdiqnoma rasmiylashtiriladi.
Loyihada, shuningdek, elektron tijorat operatorlari faoliyatini nazorat qilish, qoidabuzarliklar aniqlanganida faoliyatni vaqtincha to‘xtatish yoki sud qarori bilan tugatish tartiblari ham belgilangan.











