Abbosxo‘jayevning aytishicha, ilgari tekshiruvlar ko‘pligi sababli tadbirkorlar darvoza taqillashidan qo‘rqib ishlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida sohadagi soliqlar ikki baravar kamaydi, bu esa biznesning ochiq va «mazza qilib» ishlashiga imkoniyat yaratdi.

“Ofisimiz kichik joyda joylashgan bo‘lib, xorijiy hamkorlar mahsulotlarini yetkazib berishga qo‘rqardi. Xorijiy valutani konvertatsiya qilish bir necha oy, ba’zan yillarga cho‘zilardi, mablag‘ni chetga chiqarish uchun birjaga chiqishga va har xil sxemalardan foydalanishga majbur bo‘lardik. Hozir esa hisoblardagi pul bir soatda, bir kunda chiqib ketadi — hech qanday muammo yo‘q. Barchamiz maza qilib ishlayapmiz. Barcha tadbirkorlar, zavodlar aksionerlari — shu yerda o‘tiribdi. Kompaniyalar aylanmasi milliardga yetdi, barchani rasman millioner qildingiz», — dedi Abbosxo‘jayev.

Azizxo‘ja Abbosxo‘jayev prezidentdan ikki masalada yordam so‘radi: zavodga yo‘l yo‘qligi va elektr ta’minoti muammolari.

Shavkat Mirziyoyev har ikki masalani protokolga kiritishga topshiriq berdi va infratuzilma bo‘lmasa, korxona ishlay olmasligini ta’kidladi.