Farmonga muvofiq, hujjat ilovasida belgilangan davlatlardagi O‘zbekistonning elchixonalari shtat jadvaliga qo‘shimcha ravishda madaniyat va turizm masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi kiritiladi.

Qayd etilishicha, mazkur lavozim xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonning madaniyat va turizm sohalaridagi tashabbuslarini muvofiqlashtirish samaradorligini oshirish maqsadida joriy etilgan.

Maslahatchi lavozimiga tayinlash va undan ozod etish prezident administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamenti boshlig‘i taqdimnomasiga muvofiq Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, maslahatchi tegishli davlatdagi diplomatik vakolatxona rahbariga bo‘ysunishi va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan faoliyatga ko‘maklashishi belgilangan. Maslahatchi prezident administratsiyasining mazkur departamenti boshlig‘iga hisobdor bo‘ladi.