Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev qamoqqa olingan. Bu haqda Kun.uz'ning bir-biridan mustaqil ikki manbasi ma’lum qildi.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Kun.uz so‘roviga holatni inkor qilmagan holda holda javob berarkan, bu masala bilan Bosh prokuratura shug‘ullanayotganini ma’lum qildi.

Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz so‘roviga javob berishni istamadi, shu bilan birga, Bekmurod Abdullayev qamoqqa olinganini inkor ham etmadi.

Kun.uz'da sobiq vazir o‘rinbosari aynan nimada ayblanayotgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Bekmurod Abdullayev 2021 yil aprel oyidan ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimida ishlagan, 2025 yil 3 noyabr kuni ishdan olingan edi.

Prezidentning o‘sha kungi farmoyishi bilan, Rustam Tursunov ham IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etilgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 26 dekabr kungi parlament va xalqqa murojaatnomasida korrupsionerlarni «islohotlarga xiyonat»da ayblab, 2026 yilda korrupsiyaga qarshi «favqulodda holat» e’lon qilinishini aytgandi.