“Tadbirkorlik sub’yektlariga davlat, professional, konsalting, moliyaviy, injiniring, marketing, media, IT va operatsion xizmatlarni kompleks ko‘rsatish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ–375-son) 2025 yil 13 dekabr kuni qabul qilindi.

Qarorda quyidagilar asosiy maqsadlar sifatida ko‘rsatilgan:

  • 1000 dan ortiq davlat va xususiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish orqali tadbirkorlar faoliyatiga to‘laqonli hamrohlik qilish tizimini joriy etish;
  • tadbirkorlar masalalari va muammolarini eshitish, muhokama qilish va joyida hal qilishga qaratilgan sifat jihatdan yangi maydoncha yaratish.

Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1 martdan tadbirkorlik faoliyatiga oid davlat xizmatlari va ayrim xususiy xizmatlarni tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘rsatish bo‘yicha “Biznes hamroh” loyihasi amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan boshqariladigan “Biznes hamroh” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Dastlabki bosqichda ushbu markazlar Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek viloyatlar markazlarida 1 tadan tashkil etiladi.

Qayd etilishicha, mazkur mexanizm tadbirkorlar uchun xizmatlardan foydalanishni soddalashtirish, murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish va biznes yuritish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.