Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso keyingi to‘rt kun ichida Xitoy rahbari Si Jinping, shuningdek, Rossiya va Ukraina prezidentlari – Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish niyatida. Fitsoning o‘zi bu rejalar haqida 1 sentabr, dushanba kuni Facebookʼda e’lon qilingan videoda gapirib berdi.

Qayd etilishicha, Fitso Putin bilan 2 sentabr kuni kechqurun Pekinda uchrashmoqchi, u yerga Slovakiya bosh vaziri Xitoyda «Ikkinchi jahon urushi davrida militaristik Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alaba»ning 80 yilligini nishonlash tadbirlarida ishtirok etish uchun borgan.

Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv, Robert Fitsoning bayonotiga ko‘ra, 5 sentabr kuni Slovakiya sharqida bo‘lib o‘tadi. Si Jinping 4 sentabr kuni Slovakiya hukumati rahbarini qabul qiladi. Bir kun avval Pekinda bayramona harbiy parad bo‘lib o‘tadi.