Rossiya Bosh prokuraturasi Germaniyaning So‘l partiyaga yaqin  Rosa-Luxemburg-Stiftung Gesellschafsanalyse und politische Bildung (Rosa Lyuksemburg jamg‘armasi) nodavlat tashkiloti faoliyatini mamlakatda «nomaqbul» deb topdi. Bu haqda 21 iyul, dushanba kuni Rossiya idorasi saytida xabar berildi.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, jamg‘arma «yoshlarda norozilik kayfiyatini shakllantirish va radikallashtirish, Rossiya davlat organlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshiradi». Shuningdek, u «chet el agentlari, Rossiya Federatsiyasida faoliyati nomaqbul deb tan olingan xorijiy va xalqaro NNT tomonidan chiqarilgan materiallar va xabarlarni tarqatadi».

DW nashriga bergan izohida fond vakili 2022 yil aprelidan beri Rossiyada faoliyat yuritmayotganini tushuntirdi: u yerda xodimlar yo‘q. Shu bilan birga, jamg‘arma Rossiya fuqarolik jamiyatining xorijdagi vakillari bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.

«Roza Lyuksemburg jamg‘armasining Rossiyadagi faoliyat uchun ruxsatnomasi 2022 yilning 8 aprelida bekor qilindi. Shundan so‘ng biz o‘z ofisimizni yopdik va u yerda faoliyatimizni to‘xtatdik. Rossiyada Roza Lyuksemburg jamg‘armasining endilikda birorta ham xodimi yo‘q. Biroq jamg‘arma xorijdagi Rossiya fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlik qiladi», — deya ma’lum qildi DW nashriga jamg‘arma.