AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan kiritilgan keng qamrovli import bojlari va Xitoyning javob choralari fonida Brent markali neft narxi 2021 yildan beri eng past darajaga tushdi. Londonning ICE Futures birjasida 4 aprel, juma kuni Brent markasidagi neftning iyun fyucherslari narxi 8,02 foizga tushib ketdi va bir barrel uchun kamida 64,35 dollarni tashkil qildi. Oxirgi marta neft 3,5 yil avval — 2021 yilning 23 avgustida 65 dollardan arzonroq bo‘lgan edi. 

So‘nggi ikki savdo sessiyasida neft narxi 13,59 foizga arzonlashgan. Bu pasayish Tramp 2 aprel kuni 183 mamlakat tovarlariga yangi tariflarni e’lon qilganidan keyin boshlandi. Ular turli mamlakatlar uchun 10 foizdan 50 foizgacha bo‘ladi. Tramp ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni so‘nggi yillarda «yaqin va uzoq davlatlar, do‘stlar va dushmanlar tomonidan talon-toroj qilingan, zo‘rlangan va o‘g‘irlangan» AQSh iqtisodiyotini tiklash zarurati bilan izohladi.

Neft bozorining pasayishiga OPEK+'ning may oyida xomashyo qazib olishni oldindan rejalashtirilgan 135 ming barrel o‘rniga kuniga 411 ming barrelga oshirish rejalari ham ta’sir ko‘rsatdi. 4 aprel kuni Xitoy Qo‘shma Shtatlardan keladigan barcha mahsulotlarga 34 foizlik javob tariflarini joriy qilishi haqidagi xabar neft narxi pasayishini tezlashtirdi. Ushbu chora-tadbirlar 10 apreldan kuchga kiradi.