O‘zbekistonda tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hududlarda aholiga elektr energiyasi uchun to‘lov qilishda yengillik yaratishga qaratilgan qaror loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Kun.uz savoliga javoban Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hujjat loyihasi ayni paytda tegishli tashkilotlarga yuborilgan.
Bu yangilik haqida bundan bir oy oldin energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Lolazor” podkastidagi chiqishida aytib o‘tgandi. U gazlashtirilmagan hovlilar uchun ham elektr energiya tariflariga 50 foizlik chegirma berish bo‘yicha topshiriq bo‘lganini ta’kidlagan.
“Ayni paytda ko‘p qavatli uylar uchun [gazlashtirilmagan] elektr energiyasiga 50 foiz chegirma amal qiladi. Biz gazlashmagan hovlili xonadonlarga nisbatan ham buni qo‘llash bo‘yicha topshiriq olganmiz. Chegirma ularga ham 50 foiz bo‘ladi. Bu bo‘yicha tegishli vazirliklar bilan ishlayapmiz. Shuningdek, sanoat korxonalariga ham yuklamaga qarab oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llash rejalashtirilyapti”, – degandi vazir.











