“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Prezidentning “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida qonunbuzarliklar profilaktikasi tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2 mingta shtat birligidan iborat ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari (katta inspektor-psixologlari) lavozimlari Milliy gvardiya tuzilmasiga o‘tkazildi.

  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-1-moddasiga bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlikda, jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini iste’mol qilganlikda, shuningdek voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlikda aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun Milliy gvardiya organlariga, shu jumladan Bolalar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i va bo‘lim boshliqlariga, tuman (shahar)lar bo‘yicha inspektor-psixologlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda hamda shu munosabat bilan mazkur vakolatlar ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlaridan chiqarilmoqda.

Qonun Milliy gvardiya organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.