Loyiha O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
2016 yil 16 sentabrdagi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonuni 17-moddasida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni ularning organizmida alkogol, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar mavjudligini aniqlash uchun tekshirishni amalga oshirish huquqi berilgan.
Loyihada ichki ishlar organlari profilaktika inspektori va patrul-post xizmati xodimlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinib olib kelingan shaxslarni MJtKning 32-moddasi 6-bandiga asosan javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat etib belgilangan huquqbuzarlikning mast holda sodir etilganligini aniqlash jarayonida alkotester qurilmalaridan foydalanish hamda tekshiruv o‘tkazish tartibini belgilash nazarda tutilmoqda.
Loyihani amalga oshirish uchun 2024-2025 yillar davomida bosqichma-bosqich jami 208 dona alkotester qurilmalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB hamda viloyatlar IIBning huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini rivojlantirish jamg‘armalari hisobidan olinishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, 1 dona alkotesterning taxminiy o‘rtacha narxi 15 mln (jami 3,12 mlrd) so‘mni tashkil etadi.











