Qayd etilishicha, O‘zbekiston geologik joylashuviga ko‘ra, O‘rta Yer dengizi - Osiyo seysmik kamarida joylashgan. Shu boisdan, respublika va unga chegaradosh hududlarda tez-tez zilzilalar sodir bo‘lib turishi tabiiy hol sanaladi. 

Mamlakat hududlarida 1900 yildan shu kunga qadar 60 dan ortiq kuchli va halokatli (magnitudasi 5 dan yuqori bo‘lgan) zilzilalar sodir bo‘lgan.

So‘nggi 10 yil mobaynida esa respublikada jami olti marotaba 6-8 balli zilzilalar sodir bo‘lgan, natijada qurbonlar soni 16 kishini, jabrlanganlar soni 54 kishini, iqtisodiy zarar esa 84 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Ulardan eng kuchlilari: Kon zilzilasi - 2011 yil (8 ball), Tuyabo‘g‘iz zilzilasi - 2013 yil (7 ball), Marjonbuloq zilzilasi - 2013 yil (8 ball), Kitob va Baxmal zilzilalari - 2016-2017 yillar (7 ball), Boysun zilzilasi – 2022 yil (6 ball).

Bildirilishicha, Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlarda 2023 yil 1 yanvardan bugungi kungacha magnitudasi (M= 2.8-6.8) bo‘lgan 250 dan ortiq zilzila qayd etildi.