Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi Dinara Do‘stmuhammedovaning ta’kidlashicha, bemor bolalar muolajasi davomli parvarishni talab qiladi.

«O‘RVIga chalingan bemor farzandlarni uy sharoitida davolashda shifokor tavsiyasisiz, o‘zboshimchalik bilan amalga oshiriladigan noto‘g‘ri muolajalar asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
 
Masalan, tana harorati yuqori bolaning tomog‘ini yod yoki zelyonka bilan artish ko‘pchilik yo‘l qo‘yadigan katta xatolardan biri. Chunki shamollagan bolaning nafas yo‘li shilliq qavati juda nozik, qolaversa, virusdan yallig‘langan va shishgan bo‘ladi.

Agar yuqorida aytilgan surtmalar bilan ishlov berilsa, shilliq qavat jarohatlanib, shish kattalashib, loringit yuzaga kelishi va boshqa asoratlar kuzatilishi mumkin. 

Tana harorati ko‘tarilganda paratsetamol berish tavsiya etiladi. Ammo ba’zi ota-onalar tibbiyotdan yaxshi xabardor bo‘lmagan qo‘shnisini chaqirib, analgin, dimedrol, novokain qo‘shib mazkur aralashmani isitma tushirishda qo‘llashadi. 

Bu mutlaqo mumkin emas. Birinchidan, analgin qonni suyultirib yuboradi. Dimedrol esa bolada yo‘tal paydo bo‘lgan, bronxlari torayib qolgan paytda asoratlarni yanada kuchaytiradi. 

Bundan tashqari, allergik yo‘tal, astma, yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi kuzatilayotgan bolalar bor xonalarda isiriq tutatish yanglish xatti-harakatdir. Chunki tutun bola organlari spazmini ko‘paytirib, yo‘talni yanada kuchaytirishi mumkin. 

O‘z navbatida, tumov belgilari kuzatila boshlasa, o‘zboshimchalik bilan bolalarga antibiotiklar berish ham katta xato. Negaki, bunday preparatlar virusli xastaliklarda yordam bermaydi. Aksincha, aks ta’sir ko‘rsatadi», deydi mutaxassis.

Agar bolada pnevmoniyaning ilk belgilari kuzatilsa, shifoxonada davolanish tavsiya etiladi.