Hujjatga ko‘ra, fazoviy ma’lumotlar ochiqligi va ulardan foydalanish, ushbu sohada Kadastr agentligi, mas’ul vazirlik va idoralarga yuklatilgan vazifalarni to‘liq bajarishga to‘sqinlik qilayotgan qator kamchilik va muammolar mavjud.

Ular:

  • birinchidan, elektron davlat xizmatlari va axborot tizimlari orqali fazoviy ma’lumotlarni taqdim qilishda ma’lumotlarni elektron shaklga o‘tkazish to‘liq amalga oshirilmagani sababli fazoviy ma’lumotlarni tezkorlik bilan tahlil qilish imkoniyati yo‘q;
  • ikkinchidan, mavjud axborot tizimlari turli xil dasturlash tilida va bir-biriga murakkab integratsiyalashgan holda foydalanilmoqda hamda yagona platforma mavjud emas;
  • uchinchidan, fazoviy ma’lumotlar servislari orqali xizmat ko‘rsatilishida fazoviy ma’lumotlarga, bazaviy va sohaga oid fazoviy ma’lumotlarga hamda ular metama’lumotlariga ishlov berish zarurati tug‘ilmoqda;
  • to‘rtinchidan, bazaviy, sohaga oid fazoviy ma’lumotlar va metama’lumotlarni yaratish, yuritishda davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini ta’minlovchi yagona dasturiy mahsulotlar hamda fazoviy ma’lumotlar bo‘yicha standartlar mavjud emas;
  • beshinchidan, fazoviy ma’lumotlar bazasini kengaytirish uchun davlat organlari o‘rtasida ma’lumotlar almashish darajasi past;
  • oltinchidan, soha yo‘nalishida geoaxborot texnologiyalari, yerni masofadan zondlash yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda tizimli kamchiliklar mavjud.

Ushbu kamchilik va muammolar fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirishda to‘sqinlik qilmoqda.