Gvineya maxsus kuchlari boshlig‘i, davlat to‘ntaruvi yetakchisi Mamadi Dumbuya prezident saroyida hukumat a'zolari va davlat idoralari vakillari bilan uchrashib, aholining barcha qatlamlari ishtirokida o‘tish hukumati shakllantirilishini ma'lum qildi.

Shu bilan birga, Dumbuya o‘tish davrida vazirlar va davlat xizmatchilari mamlakatni tark eta olmasligidan ogohlantirgan. U, shuningdek, amaldorlardan xizmat avtomobillari va hujjatlarini topshirishni talab qilgan.

Dumbuya mamlakatning konlar joylashgan hududlarida komendantlik soatini bekor qilgan va savdo-iqtisodiy soha hamda tog‘-kon kompaniyalari o‘z faoliyatini davom ettirishini ta'kidlab o‘tgan.

U, shuningdek, xorijiy investitsiyalar muhimligini va yaqin orada aviaaloqa tiklanishini qo‘shimcha qilgan.

5 sentyabrda Gvineyada harbiylar mamlakatning 83 yoshli prezidenti Alfa Kondeni hibsga olishdi va harbiy to‘ntaruv amalga oshirilgani haqida bayonot bilan chiqishdi. To‘ntaruv yetakchisi polkovnik Mamadi Dumbuya amaldagi konstitutsiya amal qilishi to‘xtashi, hukumat va davlat institutlari tarqatilishini e'lon qilgan va tez orada fuqarolar ishtirokida yangi konstitutsiya loyihasi tayyorlanishini aytgan.