Hujjatga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan:

  • barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va farmoyishlari “E-qaror” elektron tizimi orqali amalga oshiriladi;
  • ushbu elektron tizimni chetlab o‘tgan holda qaror va farmoyishlarni qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • qarorlarning tartibga solish ta'sirini baholash elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

Mazkur sohani tartibga solishga qaratilgan nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, loyiha “E-qaror” elektron tizimi orqali manfaatdor tashkilotlar bilan kelishish uchun yuboriladi.

Manfaatdor tashkilotlar loyihani 3 kun muddatda ish yurituviga qabul qiladi hamda ko‘rib chiqadi.

Loyihalar yuzasidan belgilangan muddatlarda “E-qaror” elektron tizimi orqali munosabat bildirilmagan taqdirda, loyiha kelishilgan hisoblanadi.

Adliya vazirligi:

  • hujjatlar loyihalarini faqat “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilinish jarayonlarining doimiy monitoringini olib boradi;
  • monitoring natijalariga ko‘ra elektron tizim orqali kelishish uchun yuborilgan hujjatlar loyihalari yuzasidan manfaatdor tashkilotlarning belgilangan muddatda munosabat bildirmagan rahbar va mas'ul xodimlariga nisbatan ta'sir choralarini qo‘llaydi.

“E-qaror” elektron tizimi dastlab hukumat qarori bilan 2021 yil yanvar-may oylarida Qashqadaryo viloyatida eksperiment tariqasida sinovdan o‘tkazilishi, shuningdek 2021 yil 1 iyuldan boshlab respublikaning barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida joriy etilishi belgilangan edi.