Oxirgi paytlarda hokimlar o‘zlari chiqarayotgan qaror va farmoyishlarni E-qaror platformasida jamoatchilikka ko‘rinmaydigan qilib qo‘yayotgani ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘lyapti.
Shu e’tirozlar ortidan, 16 dekabr kuni Adliya vazirligi E-qaror tizimiga doir matbuot anjumani o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Anjumanda “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator – Uzinfocom” MChJ shu’ba boshlig‘i Bobur Bahodirovning aytishicha, 2023 yilda E-qaror tizimiga yangi funksiyalar qo‘shiladi.
“Esingizda bo‘lsa, Andijon shahar hokimi tergov jarayonida bo‘lgan, lekin uning nomidan ketma-ket qarorlar imzolangan holatlari aniqlangan edi. Sababi uning elektron raqamli imzosi Andijon shahar yuristining qo‘lida bo‘lgan. Hokim tergovda bo‘lsa ham, uning nomidan imzolagan. Shunday holatlarning oldini olish maqsadida 2023 yilda Face-ID texnologiyasini joriy qilmoqchimiz.
“Uzinfocom”da bunday imkoniyat bor. Bank sohasi va davlat xizmatlari sohasida bu tizim yaxshi ishlayapti. Yaqin kelajakda hokimlar hujjatlarni imzolashida Face-ID mexanizmini joriy qilamiz. Bu bilan birovning elektron raqamli imzosini olib, hujjat imzolash holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi”, – dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov jinoiy sheriklari bilan budjetning 48 mlrd so‘mini talon-toroj qilishda gumonlanib, 2022 yilning 6 iyun kuni qo‘lga olingan edi. 7 iyun kuni sud uni qamoqqa olishga sanksiya berdi. O‘shanda Kun.uz e’tibor qaratgandiki, 6-7 iyun kunlari E-qaror tizimida Haydarovning 24 ta qarori va 2 ta farmoyishi qabul qilingan.
Natijada Adliya vazirligi o‘rganish o‘tkazib, hujjatlarni hokimlik xodimi hokimning elektron raqamli imzosidan foydalangan holda imzolaganini aniqlagan edi. So‘ng bu qaror va farmoyishlar bekor qilindi.











