Komissiya ilm-fan, sport, xalqaro aloqalar, madaniyat, innovatsiya, tibbiyot va boshqa sohalarda mamlakat rivojiga katta hissa qo‘shgan respublikaning eng yetakchi yigit-qizlarini tanlab oladi.
Shuningdek, yoshlar uchun ko‘p ishlarni amalga oshirgan, jumladan, o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib, yoshlar hayotini saqlab qolganlar ham chetda qolmaydi.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilayotgan taqdirlash marosimi dunyoga mashhur – GQ, «Oskar», Forbes va boshqa shu kabi yirik taqdirlash marosimlari formatida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Mehmonlar va nomzodlar qizil yo‘lakcha orqali yurishadi va g‘oliblar nutq so‘zlashadi.
Spikerlar orasida hukumat vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning yuqori lavozimli rasmiylari bo‘ladi. Ular yoshlarni qo‘llab-quvvatlashadi, ularga oq yo‘l tilashadi va amalga oshirilgan ishlar uchun minnatdorchilik bildirishadi.
«Bundan tashqari, o‘zbek estradasining so‘nggi 20 yillikdagi yulduzlarining chiqishlari kutilmoqda. Ular taqdirlash marosimiga tashrif buyurganlar uchun syurpriz tayyorlamoqda, hozircha bu qanday syurpriz ekani oshkor qilinmayapti.
«Tahsin» mukofoti yorqin, zamonaviy va unutilmas voqeaga aylanadi. E'tiborga molik yana bir tarafi – marosim televideniye orqali jonli efirda namoyish etiladi», deyiladi tadbir tashkilotchilari Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotda.










