«Mana, maktablar ishlashni boshladi. Tabiiyki, kasallanish soni bugunga kelib oshib bormoqda. Ming afsus, O‘zbekistonda oldin bolalar [koronavirus bilan] deyarli kasal bo‘lmayotgandi, hozir bolalar kontingentining ichida ham kasallanish bor.
Shuning uchun biz pediatrik koykalar zaxirasini tayyorlayapmiz. Pediatr kadrlarni ham tayyorlash rejalashtirilgan», – dedi Oqilov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, 17 sentabr kuni O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar orasida COVID-19dan birinchi o‘lim holati qayd etildi: Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahrida yashagan 11 yoshli o‘g‘il bola koronavirus asoratlaridan vafot etdi. Bola 2012 yildan buyon surunkali buyrak xastaliklari bilan og‘rigani bois dispanser nazoratida turgan, semizlik va kamqonlik kabi yondosh kasalliklari bo‘lgan.
17 sentabr kuni berilgan ma'lumotga ko‘ra, mamlakatda COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun 114 ta muassasada 19 346 ta o‘rin tashkil etilgan. Yana 10 mingga yaqin qo‘shimcha zaxira shifo o‘rinlarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Rasmiy statistika bo‘yicha, O‘zbekistonda koronavirusdan davolanayotganlar soni 3300dan ortiq.
Koronavirusga qarshi kurash shtabi O‘zbekiston epidemiyaning ikkinchi to‘lqiniga tayyorligini bildirgan.











