O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi hamda Yevropa kinobozori o‘rtasida erishilgan kelishuvga ko‘ra bu yil kinomarketning yuzlab stendlari orasida O‘zbekiston milliy paviloni ham bo‘ladi. Unda mamlakatning tajribali va yosh kinomutaxassislaridan iborat delegatsiya qatnashib, xorijiy kinokompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Delegatlar jahon kinosanoati vakillari bilan O‘zbekiston ishtirokida qo‘shma kinoloyihalar qilish (koprodakshn) hamda chet el kinokompaniyalarini yurtimizga filmlar suratga olish uchun taklif qilish yuzasidan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishni maqsad qilishgan.

Mutaxassislar kinoturizm yo‘nalishini rivojlantirish mamlakatga sayyohlar oqimining ko‘payishida yordam berishiga ishonmoqda.    

Ushbu pavilonni tashkillashtirishda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi hamda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi yaqindan ko‘maklashdi. 

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi 2018 yilda O‘zbekiston prezidentining milliy kinoindustriyani rivojlantirishga doir qaroriga muvofiq tashkil etilgan edi.