Hujjatda ta'kidlanishicha, mahalliy boshqarma boshliqlari, tumanlardagi bo‘limlar mudirlari va barcha umumiy o‘rta ta'lim muassasalari rahbarlariga «zarur hollarda ushbu maqsadlar uchun xarajatlar smetasining boshqa moddalarida tejalgan va iqtisod qilingan mablag‘lardan o‘rnatilgan tartibda samarali foydalanish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi». 

Bundan tashqari, rahbarlar oldiga tegishli mablag‘lar yetarli bo‘lmagan hollarda byudjyetdan tashqari mablag‘lardan foydalanish, sarf-xarajatlar bo‘yicha buyurtmalarni zudlik bilan hududiy moliya organlariga kiritish vazifalari ham qo‘yilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil o‘quv mavsumi boshidan buyon umumiy o‘rta ta'lim maktab sinflari uchun sinf jurnallari yetkazib berilmayapti. Xalq ta'limi vazirligining ta'kidlashicha, sinf jurnalini sotib olish bo‘yicha tender e'lon qilingan va jarayon yakuniga yetmagan.

Shundan so‘ng,  vazirlik tomonidan mahalliy boshqarmalarga maktablarning I-IV, V-IX, X-XI sinflari uchun vaqtinchalik sinf jurnallari namunasi yuborilgandi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan o‘qituvchilar ushbu masalada xavotirini bildirib, «maosh oshirilgan, hech kim ishidan ayrilishni istamaydi», jurnalni o‘z mablag‘laridan tayyorlashga majbur bo‘layotganini aytishgandi.