
Ta'lim maskanida jinoyat-qidiruv, tergov, ekspert-kriminalistika, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, patrul-post va jamoat tartibini saqlash, qo‘riqlash, yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Yoshlarning bilimli, salohiyatli bo‘lib kamolga yetishi ko‘p jihatdan fidoyi ustozlar, kasbiga sodiq o‘qituvchilar, jonkuyar murabbiylarga bog‘liq. Ichki ishlar vazirligining 2-son Toshkent akademik litseyida 32 nafar ustoz va murabbiy faoliyat yuritib, tadbir davomida o‘quvchilar ustozlarni bayram bilan qutladi. Sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Litseyning 9ta xonasi Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi yordamida ta'mirlandi va o‘quv-uslubiy adabiyotlar, kasbga doir zarur anjomlar bilan jihozlandi. Bayram munosabati bilan litseyga tashrif buyurgan Toshkent viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.Allamurodov o‘quvchilar bilan suhbatlashdi, o‘quv xonalarini ko‘zdan kechirdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tomonidan jihozlangan o‘quv-metodik xonasi “eng yaxshi xona” deb topildi.










