Pipichning aytishicha, muammolar 12 avgustda tog‘larda 5 kishining halokati bilan yakunlangan avariyadan keyin boshlangan. Shu kuni turoperator alpinistlarni evakuatsiya qilishga vertolyot jo‘natgan. Alpinistlardan bir qismi evakuatsiya qilingan, biroq Mi-8 vertolyotining avariyaviy qo‘nishi oqibatida ulardan 3 nafari va 2 ekipaj a'zosi halok bo‘lgan. Hammasi bo‘lib vertolyotda 15 alpinist bo‘lgan. Ma'lum qilinishicha, voqeaga murakkab ob-havo sharoitlari sabab bo‘lgan. 

Pipichning ta'kidlashicha, Pamir Peaks turoperatori odamlarni 25 avgustda evakuatsiya qilishga va'da bergan. Biroq bunday va'dalar avval ham bir necha marta berilgan, biroq vertolyot 2 haftadan beri jo‘natilmayapti. Pipichning ma'lum qilishicha, Pomir tog‘ tizmasida 4 ming metr balandlikdagi lagerda 30 ga yaqin odam qolmoqda.  Ta'kidlanishicha, ko‘pchilik alpinistlar angina, ichburug‘, qo‘l-oyoqlarining sovuq yeyishidan aziyat chekishmoqda, ularning oziq-ovqatlari tugagan. 

Ma'lum qilinishicha, turistik guruh a'zolarining har biri turoperatorga safar uchun 2,5 ming dollardan to‘lagan. Bu pul ichiga ularni transportirovka qilish ham kirgan.