Kun.uz muxbirining xabar berishicha, anjumanda ishtirok etgan barcha davlatlar BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining, jumladan, 2018 yil 19 yanvar kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashining Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘yicha majlisidan so‘ng Afg‘oniston va Markaziy Osiyo o‘rtasida shakllantirilgan yangi sheriklikka doir rezolyutsiyalari va qarorlarini qo‘llab-quvvatlashini qat'iy bildirgan.

«Milliy Birdamlik hukumatining toliblar bilan keng ko‘lamli tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha pirovard maqsad yo‘lida oldindan hech qanday shart qo‘ymaslik asosida «Tolibon»​ bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni boshlash haqidagi xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan taklifini qat'iy qo‘llab-quvvatlashimizni ta'kidlaymiz hamda «Tolibon»​ni Afg‘oniston rahbariyati va ushbu mamlakat xalqining o‘z sa'y-harakatlari bilan va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalariga muvofiq amalga oshirilayotgan tinchlik o‘rnatish jarayoniga doir ushbu taklifni qabul qilishga chaqiramiz»​, deyiladi deklaratsiya matnida.

Ishtirokchilar Afg‘oniston hukumati va «Tolibon»ning murosasoz vakillari o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinchlik muzokaralarini o‘tkazish zarurati mavjudligini qayd etib o‘tgan.

Markaziy Osiyo, Rossiya va AQSh Afg‘onistonni beqarorlashtirish va mojaroni uzaytirishga olib keluvchi «Tolibon» va IShIDga har qanday moliyaviy, moddiy ko‘mak yoki qurol-yarog‘ taqdim etilishiga qat'iy qarshiligini bildirgan.