Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan 119 ta kasb-hunar kolleji hamda akademik litseylarda o‘quvchi-qizlarning kamol topishi va faolligini oshirish maqsadida “Qizlarjonlar” klubi tashkil etildi.


Kecha Andijon shahridagi pedogogika kollejida ma'naviy-ma'rifiy ishlarni olib borish, ularning davomatini ta'minlash, turli xil salbiy holatlarning oldini olish masalalarini hal etish bo‘yicha ta'lim muassasalarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, psixologlari, xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilotlari raislari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, “Nuroniy” xayriya jamg‘armasi, Yoshlar ittifoqining vakillari ishtirokida “O‘quvchi qizlarning har tomonlama kamol topishida “Qizlarjonlar” klubining o‘rni” mavzusida viloyat ko‘rgazmali seminari tashkil etildi.


Ko‘rgazmali seminarda “Qizlarjonlar” klublarini tashkil etishga oid yo‘l-yo‘riqlar, yosh xotin-qizlarni ezgu maqsadlar sari faolligini oshirish bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, seminar ishtirokchilari ta'lim muassasasining 9 ta guruhida o‘quvchi-qizlar bilan tashkil etilgan ochiq dars mashg‘ulotlarini kuzatdilar.



Seminar yakunida viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova, viloyat kasb-hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Furqatbek Buzrukovlar tomonidan yuqoridagi masalalar bo‘yicha tizim xodimlari oldidagi dolzarb vazifalar belgilab berildi.
KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon











